FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z borganda, albatta, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga tizimli yondashilayotganini alohida aytib o‘tmoq joiz.
Natijada hududda aholining turmush darajasi va sifati oshib bormoqda. Shahar-tumanlarda qad rostlayotgan yangi uy-joy massivlarining me’moriy yechimlari, zamonaviy qulayliklar jahon andozalariga mos.
Tahlillarga ko‘ra, Farg‘ona viloyat aholisi har yili o‘rta hisobda 90 ming nafarga ko‘payib bormoqda. Bu qo‘shimcha 4 ming xonadonli uy-joy, 40 ta maktab, 100 ta bog‘cha, 20 ta shifoxona hamda 50 mingta ish o‘rniga ehtiyoj borligidan dalolat beradi.
[gallery-24569]
Demak, mazkur jarayonda yangi uy-joylar qurilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xayrli tashabbuslar tufayli o‘tgan qisqa davrda viloyat markazida Farg‘onaning o‘ziga xos yangi timsoliga aylangan Ekoshahar — “Yangi O‘zbekiston” massivi qurib bitkazildi.
Ekoshahar loyihasi mamlakatimizda o‘xshashi yo‘q — noyob va mukammal yondashuv asosida qurilgani bilan ajralib turadi. Yangi shaharcha endilikda viloyatning o‘ziga xos turizm maskani sirasiga kiritilib, bayramlar, turli tantana va festivallar, konsert dasturlari o‘tkaziladigan markazga aylandi. Noyob manzarali daraxtlar, yashil xiyobonlar, attraksionlar maroqli hordiq chiqarish imkonini bermoqda.
Ayni paytda aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Yozyovon va Farg‘ona tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi poyoniga yetayotgan bo‘lsa, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida yangi turarjoylar barpo etish jarayoni qizg‘in sur’atda davom etmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA