Farg‘onada viloyat xalq ta’limi xodimlarining 2022-2023 o‘quv yili oldidan “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tdi.
Ilg‘or pedagoglar, fan mutaxassislari, ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ustozlarning jamiyatdagi o‘rni, qadr-qimmatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar mohiyatiga alohida e’tibor qaratib, ilm o‘rgatish, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish ulug‘ fazilat ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish, sohaga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish va ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya sifatiga bevosita hamda bilvosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilish borasida jiddiy ishlarga kirishildi.
[gallery-8372]
O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzi yaxshilanmoqda, tizimdagi islohotlar samara bermoqda. Joriy yilda viloyatda 82 ta maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, 2022 yil yakuniga qadar “Hokimlarning maktabga e’tibor yili” deb, e’tirof etilishi ham bejiz emas. Joriy yilning 6 oyi davomida xalq ta’limini qo‘llab-quvvatlash, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilashda viloyat hokimligi tomonidan 90,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu ishlar bugungi kunda ham davom etmoqda. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” doirasida 57 ta umumta’lim maktablarini jihozlash va ta’mirlash uchun 32 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilmoqda.
– Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy etilgan "Zamonaviy maktab" loyihasi doirasida viloyatdagi 30 ta maktab “Zamonaviy maktab" maqomini oldi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzodjon Dolimov. – Bugun mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganish va o‘rgatishga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu borada viloyatda ham sezilarli natijalarga erishildi. Jumladan, xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan 2021 yilda xorijiy til o‘qituvchilarining 24 nafari xorijiy tillarni bilish daraja sertifikatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu fan o‘qituvchilarining 1 ming 291 nafari xalqaro va milliy til bilish sertifikatiga ega bo‘lib, oylik ish haqlariga nisbatan 50 foizgacha qo‘shimcha ustama olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Albatta, ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashlari, ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi izlanishlari, o‘quvchilarning bilim sifati va samaradorligini ko‘tarilishiga olib keladi. 2021-2022 o‘quv yilida 11-sinfni jami 42 ming 353 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 1 ming 55 nafari maktablarni oltin medal bilan tugatdi. Bitiruvchilarning 625 nafari IELTS (yoki shu kabi xalqaro) sertifikatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 379 nafar bitiruvchilar muddatidan avval oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Tadbirda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, viloyatda ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ko‘plab ta’lim fidoyilari viloyat hokimining faxriy yorliqlari va tashakkurnomalari, sovg‘alari bilan taqdirlandi. Viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
M.Sulaymonov,
O‘zA M.Qodirov (surat),O‘zA