French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada umumiy jinoyatlar kamaydi
14:07 / 2024-04-12

Hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bevosita ichki ishlar organlari xodimlari oldiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ana shundan kelib chiqib, Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi, uning tarkibiy tuzilmalari va sohaviy xizmat xodimlari tomonidan muntazam ravishda kunduzgi va tungi tezkor profilaktik tadbirlar, reydlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

Yo‘l patrul va patrul post xizmati xodimlari hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining doimiy hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi gavjum joylar, bozorlar, istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlarda qo‘shimcha patrullik guruhlari va mobil postlar tashkil etilgan.

-Buning samarasi sifatida joriy yilning uch oyida viloyatda umumiy jinoyatlar 7 foizga (202 ta), oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 22 foizga (449 ta) kamayishiga erishildi,-deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Farruh O‘sarov.- Viloyatda yil boshidan buyon jinoyatlarning oldini olishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish holatlarini aniqlash 22 foizga oshdi. O‘tgan davrda sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan predmetlar bilan bog‘liq 2099 ta huquqbuzarlik aniqlandi.

Huquqbuzarlik sodir etgan 1 ming 905 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, 320 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatildi. Viloyatdagi ko‘cha va jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 31 foizga kamaydi.

O‘z navbatida, ko‘cha va jamoat joylarida huquqbuzarlik va jinoyatning oldini olish maqsadida post patrul xizmati (PPX) saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 11 foizga yaxshilandi. Hozirda PPX saf bo‘linmalari xodimlari 12 ta shahar-tumanga xizmatga jalb etilgan.

“Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida shu yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 15 ming 364 ta obyektlar raqamlashtirildi. 1062 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 3 ming 635 ta kirib chiqish joylariga kamera qo‘yildi. Savdo nuqtalarining 7 ming 979 tasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Viloyat hududidagi 1 ming 219 ta choyxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining 900 ga yaqini raqamlashtirildi. Yaqin vaqt ichida bunday maskanlarni to‘liq raqamlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri