English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada Turkiya bilan hamkorlikda yangi korxonalar ochiladi
14:12 / 2026-02-13

Farg‘ona viloyatining chet mamlakatlar bilan o‘zaro tovar ayriboshlash ko‘rsatkichlarida Turkiya Xitoy va Rossiyadan keyin uchinchi pog‘onani egalladi. Viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, jumladan, Turkiyaga ham eksport qilinmoqda. Va aksincha qardosh davlatning to‘qimachilik texnologik liniyalari viloyatda xaridorgir.

Bundan tashqari, hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. Uning ijobiy natijasi birgalikdagi loyihalar salmog‘i va yo‘nalishini kengaytirishni talab etyapti. Shu maqsadda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Turkiyada samarali muloqotlar o‘tkazmoqda.

Tashrif doirasida yirik turk kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilib, Farg‘ona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Turkiyaning metalni qayta ishlash sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri – “Kose Holding”  kompaniyasi oyiga qariyb 5 ming tonna mis va alyuminiy mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Kompaniya ta’sischisi Adem Kyose bilan o‘tgan uchrashuvda ishlab chiqarishni kengaytirish va xorij bozorlariga chiqish rejalari doirasida Farg‘ona viloyatida investitsion loyihani amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“Zorlu Holding” vakili Omer Chapkiyeoglu bilan uchrashuvda holding tarkibidagi TAJ brendi ostida ishlab chiqarilayotgan parda va uy tekstili mahsulotlari ishlab chiqarishni Farg‘ona viloyatida ham amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, holding tarkibidagi “Farmicca” kompaniyasi tomonidan intensiv ko‘katlar yetishtirish loyihasi yuzasidan Quva tumanidagi “Agro Star” korxonasi bilan onlayn muzokara o‘tkazilib, yangi loyihani hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Agro Star” tomonidan turk hamkorlarga zarur bo‘lgan taklif va ma’lumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, “Naz Global” kompaniyasi rahbari Naz Kolemenoglu bilan turli xil mahsulotlarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy karton qutilar ishlab chiqarish loyihasi yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bozor talablariga mos, sifatli va raqobatbardosh qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, farmatsevtika, kosmetika va boshqa turdagi tovarlar uchun turli o‘lcham va dizayndagi karton qutilar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.  

Uchrashuvlar yakunida turk ishbilarmonlarining Farg‘onaga tashrif buyurishi va loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA