Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada turizm yangi bosqichga chiqadi (+video)
17:23 / 2026-01-22

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan «Farg‘ona» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida Farg‘ona tumanida umumiy maydoni 2 396 gektar bo‘lgan “Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu qarori Farg‘ona viloyatida turizm rivojini yangi, yuksak bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.  

Unga ko‘ra:

1. “Shohimardon–Yordon” xalqaro kurort zonasi.

2. “Vodil” agroturizm klasteri.

3. “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi.

4. “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi tashkil etiladi.

Bugundan e’tiboran biz ularning har biri haqida batafsil ma’lumot berib boramiz.  

Oloy tog‘lari qurshovida, suv sathidan 1550 metr yuqorida, ikki daryo qo‘shiluvi joyidagi O‘zbekistonning eng go‘zal go‘shalaridan biri – Shohimardon qishlog‘ida 6 mingga yaqin aholi yashaydi.

Shohimardon tabiati go‘zalligi, havosining kislorodga boyligi va tozaligi bilan hamisha sayyohlarni o‘ziga chorlab kelgan.

Qishloqning qoq markazidagi tepalikda go‘zal Maqbara savlat solib turadi. Uni Hazrati Alining dunyodagi yettita maqbaralaridan biri deyishadi va bu yerga ziyoratga kelib duoi fotiha qiladilar.

Ijodi haqida hamon bahsli munozaralar davom etayotgan shoir Hamza Hakimzoda Niyoziy dafn etilgan joy ham shu tepalikda.

Shohimardonning odamlarni o‘ziga maftun qilgan Oqsuv va Ko‘ksuv daryolari qishloq markazida qo‘shiladilar. Uning oqim yo‘li ikki qirg‘oqlarida bugunga kelib zamonaviy dam olish uylari qurilgan. Me’moriy yechimi turlicha, ammo qulay dam olish uylari, mehmonxonalari qishin-yozin ziyoratchi mehmonlar bilan gavjum.

Shohimardonliklar erta tongda topgan -tutgani: qaymoq, asal, malina, saryog‘, do‘lta, qatlama patirlarni olib chiqib mehmonlarga peshvoz keladilar. Qaymoq, sariyog‘, do‘lta tog‘lardan shifobaxsh o‘t-o‘lan yegan chorvaning g‘oyat mazali mahsuloti. Asalarilarning goh archa guli, goh tog‘ namatagidan yiqqan boli ming dardga davo. Tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadigan yovvoyi malina murabbosiga esa ta’rif yetishmaydi. Ularni tandirdan uzilgan issiqqina yog‘li non bilan iste’mol qilasiz.

Shohimardonning eng bebeho jihati  uning archalar iforiga to‘la shifobaxsh havosidir. Shuning uchun bu yerda bir asrdirki, nafas yo‘llarini davolovchi sihatgoh ishlab turibdi.

Oqsuv daryosi Shohimardonga go‘yo ikki tog‘ni yorib o‘ziga yo‘l ochgandek. Shu yerda uning qudratini his qilasiz. Bir yonida yana bir mo‘’jiza bor. Bu – chakkatomar. Bahaybat tog‘ning asriy toshlaridan bitta-bitta tomib kichik jilg‘a hosil qiladi u. Uning suvini zamzam ta’miga o‘xshatadilar.

Qishloq markazidan ikki yo‘l boshlanadi. Biri ko‘llar, ikkinchisi asriy archazorlar tomon eltadi sizni. Ko‘ksuv daryosi yoqalab uch-to‘rt chaqirim yursangiz, uning adog‘ida, shundoq tog‘ etagida osma yo‘l boshlanadi. Bu yerda sayyohlar uchun xavfsiz sharoitlar yaratilgan.  

Osma yo‘l anchayin tik. O‘n besh daqiqada sizni 700 metr balandlikka ko‘taradi, ya’ni manzil – dengiz sathidan 2250 metr yuqorida. Manzaralar esa benihoya go‘zal. Yo‘l yo‘lakay g‘or og‘zidan otilib chiqayotgan bir anhor suvni ko‘rib hayratlanasiz. Yana yuqoriroqda esa tog‘dan besh panja chiqqandek, beshta yonma-yon jilg‘alardan suv oqib turadi. Qizig‘i shundaki, g‘or va “besh panja”dan chiqayotgan suv miqdori qishin-yozin bir me’yorda.

Yuqorida esa ko‘m-ko‘k ko‘l. Uning go‘zalligidan ko‘z qamashadi. Dunyoning mashhur “Ballaton”, “Sevan”, “Baykal” ko‘llaridan-da go‘zal suv havzasi sizni mahliyo etadi. Uning mo‘’jizaviyligi shu,ndaki, u 2250 metr yuqorida, uchta tog‘ oralig‘idan makon topgan.  

Ko‘lda ikki chaqirim suzib o‘tgach, archali tog‘ yonbag‘ridagi so‘qmoqdan yana yuqorilang. Oqsoch qoyalardan jilg‘a olgan tog‘ daryosi shoshilib-shoshilib Ko‘liqubbonga quyiladi. Keyin esa, so‘qmoqlar oralab o‘tsangiz oldingizda yana bir ulkan ko‘l paydo  bo‘ladi. U – ko‘k ko‘l. Bunday deb nomlanishining sababi u ko‘k rangda. Ko‘liqubbon esa yashil rangda. 

Shohimardonga qaytib tog‘ning qiyalik va keskin buriluvchi yo‘llaridan uch-to‘rt chaqirim yursangiz Yordon mahallasiga yetasiz. Yordonliklar to‘g‘riso‘z, mehnatsevar, ammo cho‘rtkesar, aytganini qiladigan insonlar. Biz ular  bilan bir fursat suhbatlashgach yana yo‘lga tushdik. Birinchi manzil Oqsuv daryosining chap irmog‘i bo‘ldi. Buni qarang, u qanchalar hayqirib oqmoqda. Hatto polvonlar ham ko‘tara olmaydigan harsang toshlarni oqizib ketyapti.  

Yana tik yo‘llardan tepaga, archazorga ko‘tarilamiz. Nihoyat yo‘l tugab, ertaklardagi kabi maftunkor manzara yuz ochadi. Qorli qoyalardan boshlangan jilg‘alar Oqsuv daryosining o‘zaniga aylanadi. Bu yerning eng katta boyligi shubhasiz, uning havosi. Giyohlar iforiga uyg‘unlashgan tog‘ archasining sasidan nafas olar ekansiz, afsonaviy bog‘larda his qilasiz, o‘zingizni.  Shunday jannatmakon manzillar endi o‘ng minglab sayyohlarni qabul qila oladi va ularga eng qulay sharoitlar yaratiladi. Ya’ni:

– Ikki bosqichda Shohimardon — Yordon va Yordon — Dugoba yo‘nalishlarida zamonaviy kabinali dor yo‘llari, osma ko‘prik quriladi.  

– “Shohimardon” va “Yordon” MFY hududidan oqib o‘tadigan Shohimardonsoyning qirg‘oqlari va o‘zanlari mustahkamlanadi.

– Gaz balonlaridan foydalanuvchilar uchun gaz to‘ldirish shoxobchasi quriladi.

– “Mozortagi” MFYlar hududida 4 km uzunlikda kanalizatsiya tarmog‘i tortiladi.

– Aholi va boshqa iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun podstansiya, transformatorlar va tarmoqlarni yangilanadi.

– Elektromobillar va boshqa turdagi transport vositalari uchun quvvatlanish stansiyalari tashkil etiladi.

– Aeronavigatsiya vositalari va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalari quriladi.

Shohimardon haqida gap ketganida, albatta, O‘zbekiston – Qirg‘iziston va Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegaralaridan o‘tish masalasi tilga olinadi. Xo‘sh, Prezident qarorida bu haqida nimalar deyilgan?

Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi Farg‘ona tumanining «Vodil» va «Oqqiya» chegara o‘tkazish punktlariga xalqaro maqom berish masalasida takliflar ishlab chiqishda Shohimardon, Yordon qishloqlariga hamda Qurbon ko‘li va «Dugoba» dam olish maskaniga tashrif buyuruvchilarning to‘siqsiz o‘tishlarini ta’minlash nazarda tutilgan.

Shunday qilib, “Shohimardon–Yordon” yaqin vaqt ichida mamlakatning eng obod va qulay xalqaro kurortiga aylanadi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/smuSXzegZRg" title="Farg‘onada turizm yangi bosqichga chiqadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA