Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada “Tulpor” traktorlari ishlab chiqariladi
10:39 / 2025-06-30

Quvasoy shahri "Pakana" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi filialida "FERGANA TULPOR MACHINERY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining qurilish ishlari boshlandi.

Shu munosabat bilan o‘tgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, tadbirkorlar, xitoylik investorlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘z so‘zida bir necha oy oldin Xitoyga tashrif davomida mazkur kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgani, aniq rejalar qilinib, bugun oldinga qo‘yilgan katta maqsadni amalga oshirish boshlanayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajada rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stona, samimiy munosabatlari bu borada muhim asos bo‘lib, xitoylik investorlar uchun O‘zbekistonda katta sharoit va imkoniyatlar berilmoqda.  

Quvasoy shahrida boshlangan navbatdagi loyiha ham ishonchli hamkorlik natijasi sifatida e’tirof etildi. Yetti gektar maydonda boshlangan loyiha qiymati birinchi bosqichda 30 million dollarni tashkil qiladi. Keyingi bosqichlarda yanada kengayib, uch yilda 300 millionga yetkaziladi.

Mazkur korxona qoshida keyinchalik ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi qo‘shimcha korxonalar barpo qilinadi.

– Bu yerda yirik mashinasozlik majmuasi barpo etiladi.Korxonani tashkil qilish uchun ancha vaqtdan buyon tayyorgarlik qilindi. Xitoylik investorlarimiz bilan birgalikda bunga “Tulpor” degan nom berdik. Bu nomda alohida dizaynga ega qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi. Agrotexnik tadbirlarni ham amalga oshiruvchi traktorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bog‘ oralarida ishlovchi kichik traktorlardan tortib 400 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlargacha ishlab chiqarishni reja qilganmiz. Bu texnikalar nafaqat O‘zbekiston bozorida qolaversa, Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, qo‘shni davlatlar bozorlarida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, yaxshi brendga aylanadi degan umiddamiz, – dedi viloyat hokimi.  

Tadbirda xitoylik investorlar ham so‘z olib, yaratilayotgan qulayliklar, imkoniyatlar va ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdilar.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Tamal toshi qo‘yilib, tantanali tarzda korxona poydevori qurilishiga kirishildi. Shu yerda yangi korxonada ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan traktorlarning ilk namunalari bilan tanishildi.

M.Sulaymonov,  

O‘zA