Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
09:43 / 2020-12-24

Davlatimiz rahbarining 3 dekabrdagi “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Buning uchun yetarli salohiyat va xalqaro tajriba bor.

Dastlab 3 ta  yo‘nalish bo‘yicha tibbiyot xodimlari tayyorlagan oliygohning ta’lim yo‘nalishlari bugungi kunga kelib yanada kengaydi. Hozirda  “Xalq tabobati”, “Davolash ishi”, “Biotibbiyot muhandislik ishi”, shuningdek, qo‘shma dastur asosida “Davolash ishi”, “Farmatsiya”, “Pediatriya”, “Stomatologiya” yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar o‘qitilmoqda. Ushbu mas’uliyatli jarayonga 40 nafardan ziyod ilmiy darajali, jami 150 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. 2 ming 400 nafarga yaqin talabalar 19 ta nazariy, amaliy va klinik kafedralarda tahsil olishadi. Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali, shahar bolalar 2-kasalxonasi, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi uning klinik bazalari hisoblanadi.

Hozirgi kunda oliygohning 15 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolagani uning katta xalqaro tajriba to‘play olganini anglatadi.

Rossiya Federatsiyasining Kursk, Kuban davlat tibbiyot universitetlari bilan akademik mobillik, ilmiy va metodik almashinuv, qo‘shma o‘quv dasturlari bo‘yicha hamkorlik rishtalari o‘rnatilgan. Hozirda Kursk davlat tibbiyot universitetining o‘zi Yevropa, Afrika, Osiyo, Amerika mamlakatlaridan kelgan 3 mingdan ortiq talabalar qamroviga ega.

Ayni paytda Kuban davlat tibbiyot universitetidan professor A. Suxinin, dotsent Ye. Bыstrova, Kursk davlat tibbiyot universitetidan professor P. Kalutskiy, dotsentlar A. Ovod, Yu. Iobidze, I. Pav-lov nomidagi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universitetidan professorlar A.Yagmurov, A.Popov, Tojikiston davlat tibbiyot universitetidan professorlar A.Saidov, G‘.Toshboyev, O‘sh davlat   universitetidan dotsent F. Muydinov, Hindistonning Artemis klinikasidan professor Ahmad Manzur Mir, Shifa Tameri Millat universitetidan professorlar Rifat Nadim Ahmad, Maryam Habib, Aisha Rafi singari 30 nafardan ziyod olimlar ma’ruza va amaliy darslar, shuningdek, master-klass mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. Xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida 16 nafar professor-o‘qituvchilar Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Belorussiya davlatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirib qaytishdi.

-Hozirda xalqaro fakultetda Rossiya Federatsiyasi, Pokiston Islom Respublikasi, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalaridan 33 nafar xorijlik yoshlar tahsil olishayotgani faxrlanarli, albatta, -deydi Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori vazifasini bajaruvchi G‘ofurjon Sultonov.-Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, talabalar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni boshladik. Xorijliklar bilan hamkorlikda klinika tashkil etishni rejalashtirganmiz. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti reytingining “World directory of medical schools” xalqaro tibbiyot oliygohlari ro‘yxatiga kiritilgan, oliy ta’limning istiqbolli marralari sari intilayotgan institutning bugungi bo‘y-bastiga boqib, uning bag‘rida davlat va xalq kutgan jamoat salomatligi fidoyilari kamolga yetishiga ishonchimiz ortadi.

M. Sulaymonov, O‘zA