Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan tez tibbiy yordam bo‘yicha yagona “Call-markaz” binosi mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov Prezidentimizning aholi salomatligini muhofaza qilish masalasiga katta e’tiborlari natijasida tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha muhim ishlarni qayd etib, tez yordam endi tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatishga o‘tayotganini ta’kidladi.
[gallery-13365]
Davlatimiz rahbarining “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu markazda aholiga zamonaviy tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha qulay sharoitlar yaratilib, chaqiruvlarni qabul qilish uchun 24 soat uzluksiz faoliyat yuritadigan yagona “Call” tizimi yaratilgan. Bunda chaqiruvlar ustuvorligi bo‘yicha 5 xil toifaga ajratilgan holda bevosita GPS-orqali ko‘rilib, bo‘sh turgan eng yaqin brigadalar qo‘lidagi planshetlarga uzatiladi. Tibbiy brigadalar tomonidan chaqiruvni qabul qilgan zahoti zudlik bilan bemor manzili tomon boriladi. Muassasa xalqaro talablarga javob beradigan IT texnologiyalariga asoslangan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Mazkur ishlarni bajarish uchun viloyat mahalliy byudjetidan 5,7 milliard so‘m, avtotransportlar va moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun Respublika byudjetidan 9,2 milliard so‘m, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish uchun 746,1 million so‘m, internet va aloqa tizimini yaxshilash uchun 521,3 million so‘m – jami 16 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Muassasa bugungi kunda bir vaqtning o‘zida 60 chaqiruvni qabul qilish quvvatiga ega.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat