FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi San’at saroyi ochiq sahnida 7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan “Salomatlik sayli” tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ayni kunlarda respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Salomatlik sayillari” shu kungacha Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani, Marg‘ilon, Quvasoy, Qo‘qon shaharlarida tashkil etilib, minglab aholi respublikadan kelgan malakali mutaxassislar hamda mahalliy shifokorlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazildi.
[gallery-11337]
Farg‘ona shahridagi bugun tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘riklarga Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining yetakchi shifokorlari, tor doiradagi mutaxassislar jalb etildi.
5000 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan “Salomatlik sayli” davomida UZI, EKG tekshiruvlari, laborator tahlillar, diagnostik tekshiruvlar, davolash-profilaktika tadbirlari o‘tkazildi, shuningdek salomatlik mavzusida davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari ham bo‘lib o‘tdi.
Tekshiruvlar natijasida 3 ming 343 nafar fuqaroga ambulator muolajalar belgilandi, 48 nafariga statsionar davolanish uchun yo‘llanma berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali xastaligi bor 21 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA