Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning shahar va tumanlardan kelgan bir guruh o‘qituvchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Samimiy muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlatimiz rahbarining kuni kecha “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi doirasida bir guruh Respublika maktab o‘qituvchilari bilan uchrashuvlarida ilgari surilgan fikrlar, tashabbuslar hamda belgilab berilgan rejalar yuzasidan suhbatlashildi, viloyat maktablarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish masalasida o‘zaro fikr almashildi.
[gallery-10158]
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish, o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va mavqeini oshirish, pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, maktablarda sifatli ta’limni tashkil etish uchun moddiy-texnik sharoit yaratish bilan birga ta’limning mazmunini, metodologiyani o‘zgartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ta’lim sohasiga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelayotgani qayd etildi.
Toshkentda o‘tkazilgan zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasida ishtirok etgan viloyat chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internati direktori Eleonora Dadajanova hamda Marg‘ilon shahridagi 6-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Zulfiya Tugusheva Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda o‘rtaga tashlangan asosiy masalalar hamda takliflar, davlatimiz rahbarining bugungi kun ta’limi haqidagi fikrlari haqida so‘zlab berdilar.
Viloyatda ta’lim sohasini yaxshilash borasida kelgusi yil uchun belgilab olingan rejalar va maqsadlar, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish yo‘llari yuzasidan tajribali o‘qituvchilar o‘z fikrlarini bildirdi.
Bir piyola choy ustida o‘tgan uchrashuv viloyat san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA