French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada tadbirkorlar huquqini buzgan 100 nafardan ortiq mansabdor shaxslarga ma’muriy jarima qo‘llanilgan
13:18 / 2021-02-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi xodimlari tomonidan tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

– O‘tgan yil davomida tadbirkorlarning huquqlarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan tuzilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida sudlar va vakolatli organlar tomonidan 100 nafardan ortiq mansabdor shaxslarga ma’muriy jarimalar belgilandi, – deydi Biznes-ombudsman devonining Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori Otabek Imomov. – Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishni ta’minlash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha davlat organlariga 21 ta taqdimnoma va 6 ta ogohlantirishlar kiritildi. Natijada davlat organlari mansabdor shaxslarining 150 dan ziyod noqonuniy qarorlari, tadbirkorlardan undirilishi belgilangan 2,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirish bo‘yicha hujjatlar bekor qilindi.

Shu bilan birga, 8 ta tadbirkorlik sub’ektining 1,4 milliard so‘mdan ortiq debitor qarzdorliklarini undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, debitor qarzdorliklari undirilishiga erishildi. Mahalliy hokimliklar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining binolari va yer maydonlari ularning huquqlarini buzgan holda, qonun talablariga rioya qilmasdan olib qo‘yilish holatlari bo‘yicha 40 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Mazkur yo‘nalishdagi murojaatlar asosida Biznes-ombudsman tomonidan Farg‘ona viloyatida tadbirkorlar manfaatlarida hokimliklar qabul qilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudlarga 12 ta ariza kiritilib, tadbirkorlarning mulkiy huquqlari tiklanishiga erishildi.

Jumladan, Rishton tumanidagi “Shokirpirim yerlari”, “Mirzanazar yeri”, “Mustafaqul ota yerlari” fermer xo‘jaliklari, Farg‘ona shahridagi “Madad”, Oltiariq tumanidagi “Great Byulding xolding” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli yer maydonlariga taalluqli huquqiy hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha hokimliklar qarorlari sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topildi. Umumiy holda 6 ta tadbirkorning bino-inshootlarini mahalliy hokimlik balansiga, 6 ta tadbirkorning 60 gektarga yaqin yer maydonlarini zaxiraga olish bo‘yicha hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlar bekor qilindi.

Shu o‘rinda, “Ma’muriy tartib taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga asosan manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqilishi, shuningdek, yer bilan bog‘liq qonun hujjatlarida yer maydonlarini olib qo‘yish bo‘yicha aniq tartib-taomillar belgilanganligini ta’kidlab o‘tish lozim.

M.SULAYMONOV,  

O‘zA muxbiri