French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holati bo‘yicha 9 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
12:39 / 2023-02-19

Farg‘ona viloyatida yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish maqsadida  nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, shahar va tumanlarda 95 ta ishchi guruh tashkil etilib, uning tarkibiga "Hududgaz Farg‘ona" gaz ta’minoti filiali, “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatidan mas’ul shaxslar ham biriktirildi.

Ishchi guruhlar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, bir kunda 106 ta ob’ektlarda tekshirishlar o‘tkazilib, 23 tasida noqonuniy holatlar aniqlandi.  Ular tomonidan 746 million 518 ming 943 so‘m moddiy zarar  yetkazilgan.

Shuningdek, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holati yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  Jumladan, fuqarolar H.A H.B hamda M.Xlar Qo‘qon shahri “Quduqlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi noturar joyda ohak ishlab chiqaruvchi sex tashkil etib, noqonuniy tabiiy gazdan foydalanib kelishi sababli 672,7 million so‘m zarar yetkazishgan. Mazkur shaxslarga nisbatan Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, Rishton tumani elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 2021-2022 yillar davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasidan umumiy qiymati 14,6 milliard so‘mlik noreal qarzdorlik yuzaga kelganligi hamda debitorlik qarzdorligi keskin  oshganli sababli korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan 2022 yil davomida 164 ta ulgurji iste’molchilarning tabiiy gaz iste’molidan 1,6 milliard so‘m qarzdorligi bo‘la turib, ularni tarmoqdan uzish yoki qarzdorliklarini undirish choralari ko‘rilmagan. Buning oqibati 11,7 milliard so‘mlik tabiiy gaz yetkazib berishga yo‘l qo‘yilib, debitorlik qarzdorligi 13,3 milliard so‘mga oshgan. Hozirda Marg‘ilon shahar bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 28 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Reyd tadbirlari davomida hozirga qadar viloyatda 707 ta ob’ektlar tekshirilib, shulardan 220 tasida noqonuniy holatlar aniqlangan. Ular tomonidan 3 milliard 586  million moddiy zarar  yetkazilgan. Shuningdek, 9 ta jinoyat ishi hamda 84  ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi. 

 

M.Sulaymonov, O‘zA