Koreya Respublikasining “GBTP” texnologik parki (Gyeongbuk Technopark) va “Halla” universiteti vakillaridan iborat delegatsiya poytaxtimizdagi “IT-Park Uzbekistan”ga tashrif buyurdi.
Muzokaralar davomida ishlab chiqarishni raqamlashtirish, kadrlarni tayyorlash va birgalikda servis yechimlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
“IT-Park”ning xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Maxliyo Muksinova xorijiy mutaxassislarni ekotizim bilan yaqindan tanishtirib, ularga jahon bozorlarida faoliyat yuritayotgan rezident kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Koreya delegatsiyasi vakillari Koreya savdo, sanoat va energetika vazirligi (MOTIE) ko‘magida Farg‘ona viloyatida “Smart Factory” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur loyiha doirasida raqamli texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni transformatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda servis markazini tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilinib, u raqamli yechimlarni ishlab chiqish va ushbu loyihaga texnik ko‘mak ko‘rsatishda ishtirok etishi kutilmoqda.
“IT-Park” loyihaning xizmat ko‘rsatish qismini O‘zbekistonda joylashtirish va unga tegishli tajribaga ega rezident kompaniyalarni jalb etishni taklif qildi. “GBTP” vakillari bunga qiziqish bildirib, vazifalarning bir qismini o‘zbekistonlik hamkorga topshirish, keyinchalik esa undan O‘zbekistondan Koreyaga IT-xizmatlarini ko‘rsatuvchi autsorsing markazi sifatida foydalanish ko‘zda tutilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish hamda “b2b” va “b2g” formatlarida aniq yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Keyingi qadam “GBTP”ga hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatilgan konseptual xat yuborish bo‘ladi. “IT-Park” munosib rezidentlarni tanlash va jalb qilish ishlarini muvofiqlashtiradi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA