“Mahallabay” ishlash tizimi aholi farovonligini oshirish, hududlardagi muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga ega. Joylarda bu borada muayyan ishlar bajarilayotgan bo‘lsada, hamon belgilangan vazifalar mushtarak maqsad yo‘lida o‘zaro muvofiqlashtirilgani yo‘q.
To‘rtta sektor rahbarida fidoyilik ko‘rsatish, tashabbuskorlik yetishmaydi. Mahalliy hokimlik, deputatlar hamda tegishli mas’ul idoralar rahbarlari ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘ymay, o‘z bilganicha ish yuritib kelmoqda.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi, mahalliy Kengashlar deputatlari, seyetorlar, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu borada belgilangan vazifalar ijrosi tahliliy-tanqidiy ruhda o‘rganildi.
Ma’lumki, shu yilning 12-17 aprel kunlari Oliy Majlis Senati ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida “mahallabay” tizimida asosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan ishlash, bandligini ta’minlash, yashash, uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha sektorlar kesimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni o‘rgangan edi.
- Ishchi guruhining o‘rganish xulosalarini joyida o‘rganish maqsadida uch kun mobaynida Qo‘shtepa, Toshloq, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida bo‘ldim,-dedi Tanzila Norboyeva. – Uchta daftar ro‘yxatiga kiritilganlar bilan ishlash borasida Farg‘onada tizim yaratilgan, lekin sektorlar rahbarlari, deputatlarda faollik yetishmayapti.
Yig‘ilishda tosh-shag‘al yerlarda issiqxonalar tashkil etishda Oltiariq tajribasi, mahallada kichik sanoat korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Toshloq tumani yutuqlari, viloyatda 13 ta hududda Hunarmandlar markazlari barpo etish, kichik va yoshlar sanoat zonalariga katta e’tibor qaratilayotgani alohida e’tirof etildi. Ammo viloyatning aksariyat tumanlarida kam ta’minlangan qatlamni uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy uylar tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohalardagi muammolarni hal etishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani keskin tanqid qilindi.
Tijorat banklari, tibbiyot sohasi faoliyatidan odamlar mutlaqo norozi bo‘lmoqda. Misol uchun, Qo‘shtepa tumanida tadbirkorlikni boshlash niyatida kredit so‘ragan 900 nafar hamyurtimizning 841 nafariga (93 foiz) kredit berilmagan. Viloyatda tug‘ish yoshidagi ayollarning bor-yo‘g‘i 24 foizi tibbiy ko‘rikka jalb etilgan. Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni davolash ko‘rsatkichi juda past, tabbiyot muassasalarida zamonaviy jihozlar yetishmaydi. 2021 yili viloyatda ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha jinoyatchilik soni, oilaviy ajrimlar oshib ketgan. Mahalliy byudjet mablag‘larini tasarruf etishda deputatlik va jamoatchilik nazorati sezilmayapti.
- Sektorlar kesimida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish talab darajasida emas,-dedi Senat Raisi. – Vaholanki, mas’ullar joriy yilning 1 sentyabr holatiga viloyatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar qolmasligiga va’da berishgan. Ahvol shu tarzda davom etsa, davlatimiz rahbari oldida uyalib qolishimiz aniq.
Yig‘ilishda Buvayda, Qo‘shtepa, Uchko‘prik, Farg‘ona, Toshloq, Beshariq, O‘zbekiston, Rishton singari bir qator tumanlarning sektor rahbarlari faoliyatida yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari uchun jiddiy ogohlantirildi. Shu yilning birinchi yarmi yakunida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
- Shahar-tumanlar, sektorlar rahbarlari bugungi tanqidlardan tegishli xulosa chiqarib olishi kerak,-dedi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Shuningdek, tijorat banklari, bandlik, tibbiyot, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari mas’ullari islohotlar jarayonining shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faoli, fidoyisi bo‘lishi zarur.
Yig‘ilishda shahar-tuman studiyalaridan qatnashgan sektorlar rahbarlari bilan onlayn muloqotlar o‘tkazilib, bundan buyon aniq maqsad va reja asosida ish tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
M. Sulaymonov, O‘zA