Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada saylov uchastkalariga media-tur tashkil qilindi
18:53 / 2021-10-21

Prezident saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil qilindi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab bu yerdagi matbuot markazi xodimlari va saylov jarayonlarini yoritib boruvchi jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Markaz eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.

-Ayni kunlarda 1 ming 203 ta uchastka saylov komissiyasida tayyorgarlik jarayoni belgilangan tartib-tamoyillar asosida yakuniga yetkazilyapti, - deydi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi Erkin Nuraliyev. – Saylov kodeksiga ko‘ra, 14-20 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish jarayoni tashkil etilib, viloyatda qariyb 80 ming nafarga yaqin saylovchi ushbu huquqdan foydalandi.

Bu yilgi saylovda ishtirok etuvchi 2 million 276 ming nafar saylovchilarning elektron ro‘yxati shakllantirilib, uchastka saylov komisssiyalariga saylov varaqalari, himoya kiyimlari, niqob va qo‘lqoplar, antiseptik vositalar to‘liq yetkazib berildi. Pandemiya sharoitida saylovni sanitariya talablari asosida o‘tkazish uchun xavfsizlik choralari ko‘rildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, saylovchilar umumiy ro‘yxatiga kiritilganlarning 634 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron avlod vakillari bo‘lsa, ularning 141 ming nafari ilk marotaba saylovda qatnashadi. Shuningdek, 24 oktyabr kuni viloyatga 25 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar kelishi kutilyapti.

Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar Farg‘ona shahridagi 15-, 88-saylov uchastkalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

M. Sulaymonov, O‘zA