Ayni kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarga qadar ular asosan davlatlararo siyosiy muloqotlarni mustahkamlash bilan shug‘ullanardi.
Endi elchilar zimmasiga O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlari, investitsiya va eksport salohiyatini targ‘ib qilish, tadbirkorlik sub’ektlariga yordam ko‘rsatish kabi vazifalar ham yuklatildi.
Farg‘ona viloyat hokimligi o‘tgan yillar davomida yurtimizning Xitoy, Rossiya, Quvayt, Yaponiya, Ummon, Germaniya, Turkiya va Malayziyadagi elchixonalari bilan yaqindan aloqa o‘rnatib, bu mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga erishdilar. 2026 yilda esa yana 11 ta davlatdagi elchixona bilan hamkorlik o‘rnatiladi. Bunga ishonchli asos bor. Farg‘ona viloyat hokimligi O‘zbekistonga xayrixoh xorijiy davlatlar bilan ishlashning o‘ziga xos shaklini yaratdi. Masalan, 2025 yilda Xitoyning viloyatga kiritgan investitsiyasi 1,5 mlrd.dollardan oshdi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmadi, albatta. Hokimlik qoshida o‘nta xitoyshunos mutaxassisdan iborat ishchi guruhi tuzildi. Ular asosan Xitoy va Yevropa oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan va faoliyat yuritgan, bir nechta chet tillarini biladigan yoshlardir. O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatidagi tadbirkor, kompaniya va korporatsiyalar haqidagi ma’lumotni izlab topish, ular bilan aloqa o‘rnatish, viloyatga taklif qilib shart-sharoitlarni tanishtirish, mahalliy hamkor topish, shartnomalar tuzib davlat ro‘yxatidan o‘tkazish... kabi jarayonlar davomida hokimlik ishchi guruhi mutaxassisi bo‘lg‘usi investor bilan birga bo‘ladi. Va nihoyat amaliy natijaga erishiladi. Aynan shunday ishchi guruhi germaniyalik investorlar uchun ham tuzilgan va samarali faoliyat olib bormoqda.
Shu kabi ish uslubini qo‘llab, Farg‘ona viloyatida 2026 yilda xorijiy investitsiyani 4,0 mlrd. dollarga, eksportni esa 1,7–2,0 mlrd.dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA