Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada quyosh batareyalari yordamida ishlaydigan ko‘chma svetoforlar o‘rnatilmoqda
08:30 / 2022-02-17

O‘tgan yilda Farg‘ona viloyatida sodir etilgan 1 ming 469 ta yo‘l-transport hodisalarida 257 nafar fuqarolar vafot etgan, 1 ming 387 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Yo‘l-transport hodisalarining 617 tasi piyodalar, 366 tasi bolalar, 319 ta velosipedchilar ishtirokida, 401 tasi esa to‘qnashuv oqibatida sodir etilgan. bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida aniq tadbirlar belgilab olingan.

Zamonaviy yo‘l belgilari va svetoforlarning o‘rnatilishi bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu kunga qadar  yo‘l bo‘ylarida yangi qurilgan umumta’lim maktablari oldiga 22 ta quyosh panelli svetoforlar o‘rnatildi. O‘quvchi yoshlarning xavfsiz harakatlanishlari uchun 125 ta ta’lim muassasalari oldida sun’iy notekisliklar yaratildi. Bu amaliyot ko‘lami kengayib bormoqda. Joriy yilning o‘zida yana 462 ta ta’lim muassasalari oldiga notekkisliklar o‘rnatish rejalashtirilgan. Piyodalar o‘tish joylariga 132 ta  yoritish moslamalari o‘rnatildi.

Viloyatda aholi gavjum joylar, xususan, bozorlarning kirish qismi va maktablar yaqiniga quyosh batareyalari yordamida ishlaydigan ko‘chma svetoforlar o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur qurilma loyihasi Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Dastlab Yozyovon tumanida sinovdan o‘tkazilgan ko‘chma svetofor ijobiy samara berib, uning energiya tejamkorligi, istalgan yerga o‘rnatish imkoniyati mavjudligi har jihatdan ma’qullangan. bugungi kunda “aqllli svetofor”lar “Oltiariq-innovatsiya” korxonasi mutaxassislari tomonidan tayyorlanmoqda.

Quyosh paneli yordamida ishlaydigan svetoforlar elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgan hozirgi sharoitda juda qulay. Qolaversa, davlat tomonidan o‘rnatiladigan svetoforlardan ancha arzon. Jumladan, mobil svetofor 15 million, piyodalar uchun mo‘ljallangani 40 million, chorrahalarda qo‘llanadigani esa 100 million so‘m atrofida.

 

M. Sulaymonov, O‘zA