Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan joylarda olib borilayotgan qurilish ob’ektlarida navbatdagi monitoring ishlari o‘tkazildi.
Jumladan, Farg‘ona shahar “Navro‘z“ mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 6-umumta’lim maktabida 915 o‘rinli yangi o‘quv binosi, shuningdek, Do‘stlik mahallasidagi 9-umumta’lim maktabida besh qavatli qo‘shimcha o‘quv binosi qurilish jarayoni o‘rganildi.

Mazkur ob’ektlarda bosh pudratchilar – “Samo ko‘rki” hamda “PMK Standart” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi.

– Ushbu qurilish ob’ektlarida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmayotgani, beton plitalar oralig‘i maxsus qorishma bilan to‘ldirilmagani, o‘rta devorlar choki belgilangan me’yordan oshiqcha ekanligi, ob’ekt chiqindilardan tozalanmagani sababli qurilish ishlari betartib bajarilayotgani, metall trubalar korroziyaga qarshi himoyalanmagani kabi kamchiliklar aniqlandi, – deydi Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Muhammadnodir Sodiqov. – Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni joyida bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi, noto‘g‘ri amalga oshirilgan qurilish ishlari buzdirildi.


Shuningdek, xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ob’ektlarida ham muntazam monitoring ishlari olib borilmoqda. Masalan, Farg‘ona shahar Tadbirkorlar ko‘chasi 32-uy manzilida barpo etilayotgan noturar joy ob’ektida binoning tashqi tomonini bazalt qoplama bilan o‘rash, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish zarurligi uqtirildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha tadbirkorga ogohlantirish berildi.
M.Sulaymonov, O‘zA