Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar soni yana bittaga ortdi
19:13 / 2023-07-29

Prezident tashrifidan so‘ng...

Uch yuz gektarli ulkan bunyodkorlik maydoni. Bu yerda davom etayotgan jadal qurilish jarayoni kishini hayratga soladi. Deyarli uch yuzta ko‘p qavatli uy, bir qancha ijtimoiy soha ob’ektlari, savdo shoxobchalari, sport majmualari va saylgohlarni o‘z ichiga olgan ekoshaharni tasavvur qiling.  

Gap Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish haqida bormoqda. Viloyatda bu kabi katta-kichik zamonaviy inshootlar majmualari talaygina. Bunyodkorlikning shitobi va sifati esa qurilish materiallariga bevosita bog‘liq.  

Beshariq tumanidagi sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik loyiha. Uning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, mutaxassislar bilan suhbatlashar ekanmiz vodiy viloyatlarida ham sifatli va nisbatan arzon sementga talab yuqori ekaniga yana bir bor amin bo‘lamiz.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida 27 iyul kuni hududdagi o‘nta yangi majmuani ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu korxonalar qatorida Beshariqdagi “Farg‘ona Yasin qurilish mollari” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan tashkil etilgan sement ishlab chiqarish loyihasi ham bor edi.  

Prezident tashrifidan so‘ng ushbu ishlab chiqarish sub’ekti faoliyati bilan yaqindan tanishdik.  

– Ishlab chiqarayotgan mahsulotimizga talab juda yuqori, – deydi korxona rahbari Erkinjon Mahmudov. – Korxonamizning dastlabki bosqichi besh yil avval ishga tushgan. O‘tgan davrda ish jarayonlari to‘liq izga tushdi. Ishchi-xodimlar malakasini oshirishga e’tibor qaratdik. Chet eldan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, to‘liq quvvat bilan ishlashimizga start berdilar. Endi yigirma sakkiz gektar yerda qiymati 200 million dollarlik xorijiy investitsiya qiymatidagi loyiha to‘liq ishga tushdi. Yaratilgan umumiy ish o‘rni 700 tagi yetdi. Biz tadbirkorlar faoliyatimiz davomida davlat rahbarining qo‘llab-quvvatlashini his qilib turamiz. Bu yanada samarali ishlashimizda muhim omil sanaladi.  

Korxonaga Xitoydan ko‘mirda ishlaydigan eng zamonaviy, energiya tejovchi uskunalar keltirib o‘rnatildi. Xodimlar malakasini oshirish uchun chet eldan malakali texnologlar jalb qilindi.  

Ushbu loyiha joylashgan yer maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqsiz. Lekin mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo – ohaktosh, tuproq kabilarning katta zaxirasi mavjud.  

Bugun bu korxona yiliga 2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Bu raqam qurilish sanoati ravnaqi uchun muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidlash lozim.  

– Mamlakatingizda investorlarga, tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratilgan, – deydi xitoylik investor Guan Jong Vu. – Bundan samarali foydalanish kerak, deb o‘ylaymiz. Beshariq tumanidagi ushbu sement ishlab chiqarish korxonasi to‘liq ishga tushdi. Endi yangi loyihalar ustida ishlanayapti. Korxona yaqinidagi 800 gektarlik qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan kengliklarga 500 Megavattli quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish rejalari ko‘rib chiqilyapti. Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yiliga 2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega yana bir korxona ishga tushirilishi rejada bor.  

“Farg‘ona Yasin qurilish mollari” korxonasida mahsulotlarni sotish, xaridorlar o‘rtasida navbatlarni adolatli tashkil qilishda zamonaviy texnologiyalar joriy etildi. Buning uchun doimiy xaridorlarga maxsus plastik kartalari berilgan, yuk olish nuqtalariga terminallar o‘rnatildi. Bu terminallar tarozi va sotuv bo‘limi bilan ma’lumot almashadi. Mahsulot olib chiqilayotganda avtomat hisob faktura shakllantiriladi.  

Yurtimizda mana shu kabi yirik korxonalar sonining ortishi nafaqat qurilish sanoati rivojiga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham katta foyda keltiradi.  

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA