Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qimorbozlik bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga tushdi.
Farg‘ona shahar Sanoat ko‘chasida joylashgan uyning ikkinchi qavatida Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro beshta tanishi bilan qimor va tavakkalchilikka asoslangan lotto o‘yinini tashkil qilgani aniqlangan. 42 nafar fuqaroni jalb qilib, qimor o‘yinlari o‘tkazib kelgan. Ulardan jami 12 million 247 ming so‘m va 17 xil buyum ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kuni tadbirlar davomida Marg‘ilon shahri «O‘rdatagi» mahallasi Mustaqillik ko‘chasidagi ovqatlanish binosining ikkinchi qavatida shu shaharda yashovchi fuqaro 3 nafar tanishi bilan lotto qimor o‘yinini tashkil qilgani aniqlangan. Ular 49 nafar fuqaroni jalb qilgan holda qimor o‘tkazib kelayotganda tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)ning tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA