Ko‘zi mo‘ltillab to‘shakda yotgan jigaring uchun shifokor yozib bergan dorini qanday necha so‘m turishidan qat’iy nazar, hatto qarzga bo‘lsa-da topib kelasan. Chunki bu bilan bemor shifo topadi, deb ishonasan. Ammo ahvoli o‘zgarmay, yana senga najot ko‘zlarini tikkanida nima qilishni bilmay shifokorga yugurasan yoki... Allohning irodasi ekanda (xudo ko‘rsatmasin), deysan. Aslida o‘sha dori soxta bo‘lsa-chi? Pul uchun vijdonnigina emas, xalqini sotgan qallobni uchratib qolsangiz, nima der edingiz, nima qilardingiz?
DXX va boshqa huquq- tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida Qo‘qon shahri va Bag‘dod tumanida umumiy qiymati 1 mlrd. so‘mdan ortiq 136 186 dona qalbaki dori vositasi aniqlanib, qo‘lga olindi, degan xabar Farg‘ona ahlini tashvishga soldi.
Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaroning avtomashinasida 29 turdagi 12 569 dona, uning uyidan 1 889 dona va Bag‘dod tumanida joylashgan va qalbaki dori vositalarini sotib kelgan dorixonada 27 757 dona dori vositasi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qalbaki dori vositalari Qo‘qon shahridagi MCHJ omborxonasidan olib kelingan. Olingan ma’lumot asosida tadbir davom ettirilib, omborxonadan jami 833 mln so‘mlik 819 turdagi 93 971 dona dori vositasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holatlar yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 186-3-moddasi 3-qismi a-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyatchi munosib jazosini olar. Ammo qalbaki doridan azob chekkanlar badalini kim to‘laydi?
Muhammadjon Obidov, O‘zA