Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada pora bilan ushlangan inspeksiya boshlig‘i qamaldi
14:41 / 2022-03-29

Rahbarlik ko‘p insonlarni har tomonlama sinovdan o‘tkazadi, halol ishlagan esa obro‘-e’tibor topadi.

Afsuski, ba’zilar nafs quliga aylanadi. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi Farg‘ona mintaqaviy inspeksiyasi boshlig‘i B.Ro‘ziboyev shunday ishga qo‘l urdi. 

Uning vakolatiga o‘ziga biriktirilgan hududda mineral resurslar qazib olish bilan bog‘liq ishlarni nazorat qilish, mineral resurslar qazib olish uchun ruxsat berishga doir hujjatlarni rasmiylashtirish, noqonuniy qazilmalarni amalga oshirilganligi holati yuzasidan tegishli choralar ko‘rish kabilar kirardi. Unga tadbirkor B.Qosimov 2020 yil dekabr oyida Farg‘ona vodiysining “Markaziy Farg‘ona” cho‘l hududidagi qum barxanlaridan foydalanish bo‘yicha tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida murojaat qiladi. 

Inspeksiya boshlig‘i bu o‘ljani qo‘ldan boy bergisi kelmadi. U tadbirkorga mazkur hududdagi qumlardan tadbirkorlik maqsadida foydalanish uchun auksion savdolarida ishtirok etishi lozimligi, buning uchun ortiqcha harajatlar qilishiga to‘g‘ri kelishi hamda auksionda hudud boshqa tadbirkorlar tomonidan ham sotib olinishi mumkinligini aytib, unga boshqacha yo‘lni taklif qildi. Lizensiyasiz ishlab yurish va hech qanday chora ko‘rmasligi evaziga 6000 AQSH dollariga kelishib, undan 5000 AQSH dollarini pora tariqasida olgan. 

Osonlik bilan kelayotgan mo‘may daromaddan yosh rahbarning nafsi hakalak ota boshladi. U tadbirkorga kelishilgan puldan qolgan 1000 AQSH dollari hamda boshqa xarajatlar uchun yana 600 AQSH dollari berishini aytadi. Shuningdek, uning faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida qum barxanlaridan foydalanishga litsenziyasi mavjud bo‘lgan “Press Mativ” MCHJning litsenziyasi koordinatlarini “Markaziy Farg‘ona” hududida joylashgan qum barxani yer maydoniga o‘zgartirib, soxta hujjatlar rasmiylashtirib berish evaziga yana 4000 AQSH dollarini pora tariqasida berishni talab qilgan. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspeksiya boshlig‘i B.Ro‘ziboyev kimyoviy ishlov berilgan 5 ming 600 AQSH dollarini tadbirkordan olgan vaqtida ushlangan. Sudning hukmi bilan u 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 


Farruh Abduraimov,  
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi 
O‘zA