Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada pensiya xizmatlari raqamlashtirilmoqda
20:41 / 2025-11-27

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona shahrida pensiya tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, viloyatida 2025 yil 1 noyabr holatiga 502,6 ming nafar pensiya oluvchi mavjud bo‘lib, ularga oyma-oy 714,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

2025 yil 1 martdan boshlab yoshga doir pensiyalar proaktiv tartibda, ya’ni fuqaro ariza bermasdan tayinlanmoqda. Viloyatda shu davrga qadar 20 ming 361 nafar fuqaroga avtomatik ariza shakllangan, ularning 13 ming 33 nafarining pensiyasi tayinlangan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 iyundagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida pensiya xizmatlarini “bitta oyna” tamoyili asosida ko‘rsatish, barcha tuman va shaharlarda ixcham xizmat ofislari tashkil etish ishlari boshlandi. Shuningdek, mahalla institutlari bilan hamkorlikda mehnat daftarchalarini raqamlashtirish amalga oshirilmoqda. Viloyatda iyul-oktyabr oylarida 2,1 million nafar mehnat yoshidagi aholi bilan targ‘ibot o‘tkazilib, 89 221 nafar fuqaroning mehnat daftarchasi raqamlashtirildi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyuldan nogironlik pensiyalari ham proaktiv tartibda tayinlanmoqda. Farg‘onada bu yo‘nalishda 1778 nafar fuqaro uchun avtomatik arizalar shakllangan, 1217 nafariga pensiya tayinlangan, 454 nafarнинг pensiyasi qayta hisoblab berilgan.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab esa pensiya xizmatlari, shu jumladan to‘lovlar, fuqarolarning Face-ID va elektron imzo orqali tasdiqlash tizimiga o‘tkazildi. Mutasaddilarga ko‘ra, bu orqali xizmatlar tezkorligi, shaffofligi va xavfsizligi sezilarli darajada oshadi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA