Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Belarus forumi” mavzuidagi ikkinchi xalqaro ta’lim forumi o‘z ishini boshladi.
Forum Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida o‘tkazilmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlatning oliy va kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim sohasidagi strategik aloqalarni mustahkamlash hamda ilg‘or tajriba va yutuqlar almashinuviga xizmat qilishdan iborat.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Belarus delegatsiyalari, shuningdek, xorijiy mehmonlar Farg‘ona xalqaro aeroportida milliy kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida tantanali tarzda kutib olindi. Tashrif buyurgan ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini yakunlab, forum doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy sessiyalar, ko‘rgazmalar va muhokamalarda faol ishtirok etmoqda.
Tadbirning yana bir muhim voqeasi Farg‘ona davlat universitetida Belarus xalqi yozuvchisi va jamoat arbobi Yakub Kolas nomidagi auditoriyaning tantanali ochilishi bo‘ldi. Mazkur auditoriyaning tashkil etilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik aloqalarini yodda saqlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston yuz minglab evakuatsiya qilingan insonlarga mehr va panoh bergan. Ular qatorida belarus xalq shoiri Yakub Kolas ham 1941-1943 yillarda Toshkentda yashab, faoliyat ko‘rsatgan. Uning hayoti va ijodiga oid arxiv hujjatlari, yodgorlik lavhalari bu tarixiy davrni yorqin aks ettiradi.
[gallery-25628]
Yakub Kolas nomidagi auditoriyaning ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat sohasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Forumda turli mavzulardagi ilmiy-ma’ruzalar tinglanib, hamkorlik memorandumlari imzolanib, ikki tomonlama muloqotlar davom etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA