Farg‘onada o‘qituvchilar uchun maxsus ustama berilmoqda
O‘tgan 2021 yil yakunlariga bag‘ishlab dekabr oyida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan maktab o‘qituvchilari uchun viloyat hokimining maxsus ustamasi joriy etilishi ma’lum qilingan edi.

Ushbu tashabbus ijrosi doirasida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘quvchilari xalqaro, respublika va viloyat fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan o‘qituvchilar hamda faoliyati davomida yuqori samaradorlik qayd etib kelayotgan fan o‘qituvchilari va direktorlardan 122 nafarining ro‘yxati shakllantirildi, ularga oylik ish haqining 20 foizidan 100 foizigacha miqdorda viloyat hokimining ustamasi ajratildi. Ustama mablag‘lari O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida to‘lab berildi.
Bu amaliyot doimiy davom etadi, har chorak yakuni bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan 200 nafar o‘kituvchilarga viloyat hokimining ustamasi berib boriladi.
M. Sulaymonov, O‘zA