Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada “Nurli maskan” maktab-internatining yangi binosi foydalanishga topshirildi
22:05 / 2024-06-01

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Farg‘ona shahrida joylashgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, ta’lim sohasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Shaharning "Beshbola" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ushbu muassasa binosining qurilishi uchun 13,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yangi binoda o‘quvchilar uchun 19 ta dars xonalari hamda 6 ta maxsus xonalar, 120 o‘ringa ega bo‘lgan oshxona, yuvinish xonalari, 3 ta tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi, sport zali, 9 000 dan ortiq Brayl alifbosidagi darsliklar hamda badiiy adabiyotlarni o‘zida jamlagan kutubxona, faollar zali o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.

Binoda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yo‘nalishdagi o‘quv ustaxonalar tashkil etildi. Maktab-internat ko‘zi ojizlar uchun moslashtirilgan maxsus kompyuter texnika vositalari bilan to‘liq jihozlandi.

Ta’lim muassasasini yashil hududga aylantirish maqsadida 400 tupdan ortiq turli xil manzarali daraxtlar ekilib, kashtanzorlar hamda gulzorlar barpo etildi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari natijasida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan, ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirilayotganini qayd etib, foydalanishga topshirilayotgan yangi bino ham ushbu g‘amxo‘rlikning misoli ekanini ta’kidladi.

Maktab-internatda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari so‘z olib, yaratilgan bunday sharoitlar uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildilar.

Ramziy tasma qirqilib, viloyat rahbarlari “Nurli maskan” maktab-internatining yangi binosida pedagogik jamoa uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar, o‘g‘il-qizlar bilan muloqot qildilar.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri