Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha hamisha mamlakatda yetakchilik qiladi. Bu yil ham an’ana buzilmadi. Ammo mahsulot turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zgarib ketdi. Mosh eksportbop edi. Dehqon qancha hosil olsa, shunchasini chetga yuborish mumkin bo‘lgan. 2025 yilning yanvar-aprel oylarida esa viloyatdan atigi 332,7 tonna mosh eksport qilindi. Qolaversa, narxi ham pasaydi, ya’ni 269,4 ming AQSH dollari qiymatini tashkil etdi. Natijada viloyat ichki bozorida moshning narhi sezilarli darajada arzonlashib, 1 kilosi 8-14 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Kutimaganda xorijda o‘zbek dehqonlari yetishtirgan sabziga talab kuchaydi. Farg‘ona viloyatining o‘zida 2025 yilning to‘rt oyida xorijga 994,5 ming dollarlik 5,8 ming tonna sabzi sotildi. Buni qarangki, bozor-bozorda, ichki rastalarda yangi sabzi qimmatlashib, 1 kilosi 5-6 ming so‘mdan sotilmoqda.


Biz bilan suhbatda bo‘lgan xaridorlar qizil osh lavlagisi narxi oshib, kilosi 8-10 ming so‘mdan sotilayotganidan, rediska narxi ham kun sayin pasayish o‘rniga ko‘tarilayotganidan xavotirlik bildirdilar. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyatida ilk bor to‘rt oyda 1,3 ming tonna rediska va 1,1 ming tonna lavlagi eksport qilingan ekan.


2025 yil yanvar-aprel oylarida Farg‘ona viloyatidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti
Sabzi 5,8 ming tonna 994,5 ming $
Rediska 1,3 ming tonna 592,3 ming $
Lavlagi 1,1 ming tonna 612,1 ming $
Mosh 332,7 ming tonna 269,4 ming $
Yeryong‘oq 160,1 ming tonna 193,9 ming $
Muhammadjon Obidov,
O‘zA