Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada Navro‘z shukuhi
16:14 / 2022-03-10

Navro‘z – 2022

Navro‘zni barchamiz intiqib kutayotganimiz rost. Asl milliy bayramimiz yaqinlasharkan, dillarga o‘zgacha shukuh, surur inadi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 fevralda qabul qilingan “2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat va a’lo kayfiyat bilan qarshi olindi.

Mazkur bayram mamlakatimizda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi. Farg‘ona viloyatida ham Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda.

– Mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida Navro‘z bayramini el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanishda katta ma’no bor, – deydi mehnat faxriysi Xolmatjon Komilov. – U boqiy qadriyatlarimizni namoyon etadi, bu shodiyona orqali odamlar orasida o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, bir-birini yo‘qlab, ko‘maklashishdek ezgu g‘oya ulug‘lanadi. Sayillar, xalq o‘yinlari odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Doshqozonlardagi sumalak barchani o‘z atrofiga jamlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mazkur ayyom ming yillar davomida e’zozlab kelinadi, tabiatimiz va odatimizdan ajratib bo‘lmaydigan, eng qadimiy va eng sevimli, chindan ham, haqiqiy xalq bayrami sifatida qadrlanadi.

Ayni kunlarda barcha shahar va tumanlarda bayramga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ko‘chalar, xiyobonlar obodonlashtirilib, bayramona bezatilmoqda. “Yashil harakat” doirasida ko‘chat ekish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Mahallalarda yoshlar o‘rtasida kurash, chillak, arqon tortish kabi milliy o‘yinlar tashkil etilyapti. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.

Navro‘z sayillarida folklor san’atining eng yaxshi namunalariga keng o‘rin berish, hunarmandlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlari, ko‘klam taomlari tashkil etilishi ham belgilangan.

Bayramning asosiy tadbirlari Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyi hududida bo‘lib o‘tadi. bugungi kunda bu yerda tayyorgarlik ishlari avjida. Bayram ssenariysi tayyorlandi, katta sahnani o‘rnatilmoqda. Xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi, varraklar sayli, saroy hududidagi yozgi amfiteatrda sportning belbog‘li kurash va milliy kurash turi bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA