Farg‘ona viloyatida mamlakatdagi eng ko‘p meva va sabzavot yetishtiriladi. Viloyatda 50 ming gektar bog‘, 10 ming gektar uzumzorlar hamda 25 ming gektar maydondan sabzavotlar yig‘ib olinmoqda.
To‘g‘ri, ularning bir qismi eksport qilinmoqda. Masalan, 2024 yilda 335 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xorijiy davlatlarga yuborildi. Ammo qolgan qismi ichki bozor ehtiyojidan karrasiga ortiqdir. Shuning uchun ham masalan, bog‘dorchilik mahsulotlarini qayta ishlash Farg‘ona viloyati uchun hamisha ustuvor bo‘lib kelgan. Nihoyat, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy hududida “Marvin fruitline” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 14 million dollar bo‘lgan mevani qayta ishlash va quyultirilgan tabiiy sharbat – konsentrat ishlab chiqarish loyihasi foydalanishga topshirildi. Aytish kerakki, bu sharbat qadoqlaydigan korxona emas, aksincha o‘sha, masalan “Dena” brendi kabi meva sharbati tayyorlash uchun quyuq sharbat –konsentrat ishlab chiqaradi.
– Farg‘ona viloyatida bog‘lar juda ko‘p va serhosil. Shuning uchun korxonani Quvasoyga qurdik, – deydi “Marvin fruitline” korxonasi rahbari Dilmurod Razzoqov. – Loyihaning qiymati 14 million dollarga teng. Lekin kelgusida ishlab chiqarishni yana kengaytiramiz. Bu yerda bir yilda 50 ming tonnadan ziyod meva qayta ishlanadi.
– Biz O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand shaharlariga ham o‘z texnologik liniyalarimizni qo‘yganmiz, – deydi Italiyaning CFT kompaniyasi vakili Gerardo Patciello. – Lekin Quvasoy zavodidagi texnologiya eng so‘nggi rusumli va samaradorligi yuqori.
Italiyalik mutaxassisning aytishicha, bu uskunalar mevadan 95 foizgacha quyuq sharbat – konsentrat ishlab chiqaradi.
– Quvasoyda 12 ming gektarga yaqin bog‘ bor. Bu bog‘larning mevasi yuz ming tonnadan oshadi. Lekin uning 20-25 foizini yig‘ib-terib vaqtida yetkazib berolmasligimiz sababli nobud bo‘lar edi, – deydi quvasoylik mohir bog‘bon, mehnat faxriysi Muzaffarjon Bozorov. – Bu korxonaning qurilishi biz uchun omad bo‘ldi. Endi biz yana yangi bog‘lar yaratamiz, ko‘proq hosil yetkazib korxona uzluksiz ishlashini ta’minlaymiz.
[gallery-25092]
Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbirkor Shavkatjon Zokirovga va “Hamkorbank” rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirdi. Chunki 5 gektarlik maydonda Shvetsariya va Italiya texnologiyasiga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarish tufayli viloyat sanoat mahsulotlari 115,2 milliard so‘m, eksport esa 2,4 million dollarga ko‘payadi. 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
– Hozirgi kunda olmani qayta ishlayapmiz. Keyingi yilda olcha, behi, anor kabi mevalarni ham qayta ishlaymiz. Mahsulotning 80 foizi eksport qilinadi, qolgan qismi ichki bozorga chiqariladi, – deydi Dilmurod Razzoqov.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/P2ce_43bdvA" title="Farg‘onada meva sharbati konsentrati ishlab chiqariladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA