Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida “Thermo Tech” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan metall panelli radiatorlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirkor Ziyoviddin Yunusov tomonidan umumiy qiymati 30 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. Shundan 5 million dollari tadbirkorning o‘z mablag‘i, 25 million dollari esa xorijiy investitsiya hisoblanadi.
Korxona yiliga 900 ming dona panelli radiator ishlab chiqarish quvvatiga ega. Uskunalar Italiya va Turkiyadan olib kelingan. Korxona tomonidan yiliga 600 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan va 300 ta ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan "Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasi tadbirkor va investorlarga katta imkoniyatlar berayotganligini, bu yerda ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ushbu loyiha viloyat iqtisodiyotini mustahkamlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Ramziy tasma qirqilib, mehmonlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonada dastlabki mahsulotlar sinov tariqasida ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorga taxt qilib qo‘yildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.
M.Sulaymonov,
M. Qodirov(surat),O‘zA