Farg‘ona viloyatida yoz faslida meva va sabzavotlar eksporti ayni avjiga chiqadi. Mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan sara mevalar eksporti tunu kun davom etadi.
Bu borada bojxona xodimlari ham tadbirkorlarga qulay bo‘lgan vaqtlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishmoqda.
Viloyatda Quvasoy shahri, Bag‘dod, Farg‘ona va O‘zbekiston tumanlari shaftoli yetishtirish va eksport qilishda yetakchi hisoblanadi. Bundan tashqari, Quva, Toshloq, Qo‘shtepa va Oltiariq tumanlarida ham bu yaxshi rivojlanmoqda.

Viloyatning tabiati hamda dehqonchilikka berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida shaftoli bog‘lari yil sayin ortib bormoqda. Farg‘onada jami shaftoli bog‘lari 2017 yilda 703 ta bo‘lib maydoni 6 ming 305 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, shaftoli ekish mumkin bo‘lgan yerlarning o‘zlashtirilishi natijasida bu ko‘rsatkich 2022 yilga kelib 24 foizga ko‘payib, bog‘lar soni 930 tani maydoni esa 7 ming 920 gektarni tashkil qilmoqda. So‘ngi ikki yilda 1 ming 203 gektarlik yangi shaftoli bog‘lar tashkil etilgan bo‘lsa, hozirda 6 ming 717 gektarlik shaftoli bog‘laridan hosil yig‘ib olinmoqda. Joriy yilda shaftoli bog‘laridan mirishkor dehqonlarimiz tomonidan jami 68 ming tonna shaftoli yetishtirish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda yetishtirilgan shaftoliga nafaqat o‘zimizda, balki xorijda ham talab kattaligini inobatga olgan holda shaftoli pishib yetilishi bilan uning eksporti boshlab yuborildi. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2021 yil davomida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan umumiy qiymati 21,4 million dollarlik 20 ming tonnaga yaqin shaftolilar jami 10 dan ziyod davlatlarga eksportga rasmiylashtirilgan. Asosiy eksportyor davlatlar qatoridan Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ukraina davlatlari o‘rin olgan. 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan qiymati 19,4 million dollarlik jami 19 ming tonnadan ziyod shaftolilarning eksporti rasmiylashtirilishi amalga oshirildi. Joriy yilda shaftolilar asosan Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Belarusiyaga eksport qilinmoqda. 2021 yil davomida jami 20 ming tonna shaftoli eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning iyul oyiga kelib 19 ming tonna shaftolilar eksport qilindi. Viloyatdan ayni kunlarda har kuni o‘rtacha 100 tonna shaftoli eksportga rasmiylashtirilmoqda. Shaftoli eksporti oktyabr oyiga qadar davom etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bu yil shaftoli eksporti sezilarli darajada ortadi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash va eksportni tezkorlik bilan bojxona nazorati hamda rasmiylashtruvidan o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida xizmat uzluksiz tashkil etilgan. Hozirda shaftoli eksporti rasmiylashtiruv jarayoni boshqarmaning barcha tashqi iqtisodiy bojxona postlarida bo‘lgani kabi “Marg‘ilon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ham soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. “Marg‘ilon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining “Oltiariq” eksportga ko‘maklashish markazi viloyatimizning eng ko‘p qishloq xo‘jaligi eksporti bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar faoliyat olib boradigan Oltiariq tumanida joylashgani hamda mazkur markazda barcha sertifikatlash idoralari ham faoliyat olib borayotganligi tadbirkorlarga juda qulay bo‘lmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA