Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada ma’naviyat va ma’rifat tantanalari
14:54 / 2022-05-30

Azaldan madaniyat va san’at, adabiyot va ma’rifatning mayog‘ini baland tutib, o‘z kayfiyati, orzu-maqsadlari, yorug‘ istiqbolga bo‘lgan ishonchini baralla kuylab kelgan farg‘onaliklar ayni kunlarda katta ma’naviyat bayramini nishonlamoqda.

Farg‘onaga ulkan ma’naviyat karvoni bo‘lib tashrif buyurgan 250 dan ziyod san’atkorlar, madaniyat va adabiyot namoyandalari, el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar belgilangan reja asosida har bir tuman-shahar hududidagi mahallalarda xalq bilan samimiy ruhdagi uchrashuvlarni o‘tkazishga, odamlar bilan bugungi insonparvar islohotlarning amaliy natijalari haqida dildan suhbatlashishga kirishishdi. 

Ma’naviyat va ma’rifat bayrami mehmonlarning Farg‘ona shahridagi “Saxovat” uyiga tashrifidan boshlandi. Bu esa mazkur targ‘ibot tadbirlarining chindan ham inson qadri ulug‘langan yurt islohotlariga hamohang ekanligini ko‘rsatadi. Ta’kidlash kerakki, viloyatning 1 ming 62 ta mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Yangi O‘zbekiston bilan hamnafas qadam tashlayotgan farg‘onaliklar kutgan va sog‘ingan tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

 

Bugun Farg‘ona shahridagi “Yangisoy” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga barcha mahalla ahli, yoshu-qari jam bo‘ldi. Nafaqat mashhur, balki el uchun ibrat bo‘lgan taniqli insonlarning xalq bilan yonma-yon suhbatda bo‘lishi, ko‘tarinki ruhdagi fikr-mulohazalar, dilbar kuy-qo‘shiqlar, yurtdoshlarimiz qalbiga shukronalik va yuksak islohotlardan minnatdorlik tuyg‘ularini olib kiruvchi ijod namunalari barchani birday to‘lqinlantirdi. 

– Farg‘ona, deganda ko‘z oldimizga hamisha ma’naviyat va ma’rifat qadrini baland bilgan fidoyi odamlar keladi. Farg‘onalik vatandoshlarimiz bilan bugundan boshlangan samimiy uchrashuvlarimiz ularning ezgu ishlariga yanada shijoat, yaxshi kayfiyat baxsh etishiga ishonamiz, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov. – Bir hafta davomida ularni kitobxonlik, san’atsevarlikka undovchi loyihalar, shuningdek, insonparvarlikni ko‘zda tutgan tadbirlar kutmoqda, biz ham aziz farg‘onaliklarning yoniq yuz-ko‘zidan, samimiyatidan, mehridan katta kuch olamiz, albatta. 

– Farg‘onaliklar bilan uchrashuvga, deyilsa, har doim qanot qoqib, dildan oshiqib kelaman, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov. – Bugun ko‘hna va navqiron Marg‘ilon odamlari bilan diydor nasib etganidan xursandman. Bunday aziz el odamlarining hayotga muhabbati, mehnatsevarligi, mehmondo‘stligi va albatta vatanparvarligiga ko‘z tegmasin, deyman. 

Mazkur tantanalar doirasida mahallalardagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalarning holidan xabar olinishi, umuman, chekka-chekka hududlarga ham bugungi dorilamon kunlar shukuhining olib kirilishi maqsad qilingan. “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar farg‘onaliklar uchun chinakam ma’naviyat tantanalariga aylanadi va yurtdoshlarimizning yuksak istiqbolga bo‘lgan ishonchi, tinch hamda farovon hayotga bo‘lgan shukronalik kayfiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz. 

M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat) O‘zA.