Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada mamlakatimizda birinchi bo‘lib bolalar poliklinikasi ochildi
09:47 / 2021-12-25

Yakuniga yetib borayotgan Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida yurtimizda birinchi bo‘lib, Farg‘ona shahrida bolalar poliklinikasi foydalanishga topshirildi.

 Yangi tibbiyot muassasasi Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining pediatriya klinik o‘quv bazasi bilan bir binoda faoliyat olib boradi.

Mamlakatimizda tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangi tizimini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bolalar salomatligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar zamirida barkamol va sog‘lom avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam.

 Farg‘ona viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.


Farg‘ona shahridagi bo‘sh turgan bino negizida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun poliklinika tashkil etilgani ham ana shu ishlar samarasidir. 


Muassasani ta’mirlash ishlariga “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 750 million so‘m mablag‘ sarflandi. 944 million so‘mlik zamonaviy tibbiy jihozlar, jumladan, raqamli rentgen apparati, ultratovush apparati, stomatologiya, exoelektroensefolograf apparatlari bilan ta’minlangan. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun barcha tibbiy mutaxassisliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.


Bundan tashqari, shaharda istiqomat qilayotgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning elektron bazasi yaratilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida poliklinikada “elektron navbat” tizimi joriy etilmoqda.


Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur tibbiyot maskanining ochilishida ishtirok etib, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi. Bolalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faolligini oshirish salomatligini mustahkamlash omili ekanligi qayd etildi.


Mazkur binoda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining pediatriya klinik o‘quv bazasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. 

Viloyat rahbari o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirib, xorijlik talabalar bilan suhbatlashdi. 150 ga yaqin xorijlik talabalar tahsil olayotgan Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida hozirda yangi binoda alohida kafedra tashkil etilgan. Talabalarga 19 nafar o‘z sohasining mutaxassislari bo‘lgan malakali professor-o‘qituvchilar, shu jumladan, besh nafar pokistonlik mutaxassislar ta’lim bermoqda.

M. Sulaymonov, 
M. Qodirov (surat), O‘zA