Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada mahallaning yosh polvonlari bellashmoqda
11:05 / 2023-04-04

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Respublika kurash federatsiyasi, viloyat yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida to‘rt bosqichli “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida kurash, belbog‘li kurash musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Ayni kunlarda barcha mahallalarda istiqomat qilayotgan o‘g‘il-qizlar dastlabki bosqich g‘olibligi uchun bellashmoqda.

Milliy sport turi hisoblangan kurash xalqimizning faxridir. Keyingi yillarda qadriyatlarimiz timsoli bo‘lgan kurash va belbog‘li kurashni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan samarali harakatlar milliy sportimizni xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zining jozibador ko‘rinishi va tarbiyaviy ahamiyati bilan ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelayotgan milliy sportimiz bugun dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlar sportsevarlarini ham o‘ziga jalb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrda qabul qilingan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim samara bermoqda.  

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan musobaqalar yoshlarning milliy sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, umidli sportchilarni kashf etish kabi maqsadlarga qaratilgan. Bellashuvda kurashchilar 6 ta vazn toifasida, belbog‘li kurash yo‘nalishida qatnashadigan havaskorlar 4 ta vazn toifasida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda.  

Farg‘ona tumanida milliy kurash hamda belbog‘li kurash bo‘yicha sport musobaqalari qizg‘in bahslar ostida kechdi. Unda turli vaznlarda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 200 ga yaqin yigit va qiz qatnashdi. Bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindorlar sovg‘a va diplomlar bilan taqdirlandi.  

 

M.Sulaymonov, O‘zA