FOTOREPORTAJ
Meva va sabzavot yetishtirish va uning eksportida Farg‘ona viloyati mamlakatimizda doim yetakchilardan bo‘lgan. Viloyatda meva va sabzavotlarning barcha turlari yetishtiriladi, saqlanadi hamda yil bo‘yi eksport qilinadi. Ayni kunlarda viloyatda uzum, behi, olma va xurmo eksporti jadal davom etmoqda.
Viloyatning deyarli barcha hududlarida xurmo yetishtiriladi. Uchko‘prik, O‘zbekiston, Farg‘ona va Toshloq tumanlari hamda Quvasoy shahri bu borada peshqadam. Dehqon xo‘jaliklari bilan bir vaqtda aholi tomorqalarida ham xurmo yetishtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Sentyabr va oktyabr oylarida pishib yetilgan hosil terib olinib, muzlatgichli omborlarga joylanadi. Xurmo eksporti sentyabr-oktyabr oylaridan boshlanib, kelasi yilning may oylariga qadar davom etadi.
Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, o‘tgan 2023 yilda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan umumiy qiymati 4 million 500 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan jami 6 ming 458 tonna xurmo Polsha, Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilingan. Xurmo eksporti bilan 2023 yilda jami 67 nafar tadbirkor shug‘ullangan.
[gallery-20181]
Bu yil viloyatda xurmo hosili mo‘l. Uning eksporti ham jadal davom etmoqda. Eksport mavsumi boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa ham eksport hajmi katta. Joriy yilda umumiy qiymati 8,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 13 ming 126 tonna hosil eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat bojxona boshqarmasining “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining Oltiariq tumanidagi “Eksportga ko‘maklashish markazi”da kuniga o‘rtacha 700 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportga rasmiylashtirilayotgan bo‘lsa, shundan 150 tonna qismini xurmo mevasi tashkil etmoqda.
Bojxona qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan “Eksport uch qadam” dasturi orqali “daladan eksportga” tamoyili asosida eksport tovarlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri chegara bojxona postlarida rasmiylashtirilayotgani tadbirkorlar uchun juda qulay bo‘lmoqda. Hozirga qadar rasmiylashtirilgan xurmoning 20 foizdan ortiq qismi yoki 2700 tonnadan ziyodi chegara bojxona postida soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilishi ta’minlangan. Bu esa tadbirkorlarning vaqtini tejashga, mahsulotlarning tezkorlik bilan hamda sifati buzilmagan holda o‘z manziliga yetib borishiga imkon bermoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA