French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada Koreyaning ilg‘or qurilish texnologiyalari asosida uy-joylar quriladi
11:15 / 2022-03-10

“Hanshin Engineering & Construction Co Ltd.” kompaniyasi tomonidan Qo‘qon shahrida Koreya sifati va texnologiyalari asosida 5000 xonadonli K-Town turar-joy majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Janubiy Koreyada safarda bo‘lib turgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Sejong shahrida ushbu kompaniya tomonidan qurilgan ob’ektlarni borib ko‘rdi. “Hanshin” kompaniyasi tomonidan Koreyaning ma’muriy poytaxti Sejong hududida jami 12,5 ming ta xonadondan iborat 13 ta turar-joy majmuasi loyihasi amalga oshirilib, ulardan 11 tasi foydalanishga topshirilgan. Har bir majmuada 20 qavatdan 50 qavatgacha bo‘lgan ko‘p qavatli uylar eng ilg‘or qurilish standartlari asosida, “yashil makon” tamoyillari va aholi ehtiyojlari to‘la inobatga olingan holda qurib bitkazilgan.

Majmualarni loyihalashda ularning har biridan bolalar va sport maydonchalari, sayr yo‘lakchalari, dam olish hududlari, yashil maydonlar, velosipedlar saqlash joylari, yerosti avtoturargohlar, zamonaviy chiqindi qutilari o‘rin olgani, yangi qurib bitkazilgan majmualar hududiga ko‘p yillik daraxtlar olib kelib o‘tqazilgani e’tiborga loyiq. Yashash uchun tayyor holatda uy egalariga taqdim etilgan xonadonlar 59, 84 hamda 115 kvadrat metr maydondan iborat bo‘lib, har birida turmush uchun kerakli eng kichik jihatlar ham hisob qilingan. Oddiy xonadonda ham yotoqxona, mehmonxona, bolalar xonasi, ikkita sanuzel, kirxona, garderob xonalari, oshxona, kichik balkon bor.

“Hanshin” kompaniyasi rahbari Choy Mun Kyu viloyat hokimiga Qo‘qonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihada nafaqat Sejongdagi majmualarga tatbiq etilgan har bir standart o‘rin olishini, balki yashovchilar uchun yanada ko‘proq qulayliklarni ko‘zda tutilishini ma’lum qildi. Farg‘ona viloyati hokimligi hamda “Hanshin Engineering & Construction Co Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida  hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, Qo‘qon shahrida  ilg‘or texnologiyalar asosida turar-joy majmuasi bunyod etiladi.

M.Sulaymonov, O‘zA