Mamlakatimizda aholi kibermadaniyatini yuksaltirish va kibergigiyenasini shakllantirishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan kompleks targ‘ibot oyligi doirasida Farg‘onada o‘tkazilgan tadbirda salkam 128 mln so‘mlik kiberfiribgarlik fosh etildi.
Suratdagi shaxs — aynan shunday jinoyatlarni tirikchilik manbaiga aylantirganlardan biri. Salohiddinov Otabek Odiljon o‘g‘li, 1995 yilda tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Oliy ma’lumotli, oilali, bir nafar farzandi bor. U Namangan viloyati Kosonsoy tumanida istiqomat qilgan va hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudining 2024 yil 19 aprelda chiqargan hukmiga asosan tayinlangan 3 yil 2 oylik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamoqda.
Tergov va sud jarayonlarida aniqlanishicha, u telegram messenjerida shaxsi noma’lum bir guruh hamtovoqlar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda fuqarolarning pul mablag‘larini yashirin o‘g‘irlash va firibgarlik orqali qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. Xususan, 2024 yil 13 avgust kuni u o‘zining telefoniga ulangan raqam orqali bir fuqaroning jami 54 million so‘m mablag‘ini yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Shundan so‘ng noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullar telegram valet kripto hamyoniga yo‘naltirilib, kriptovalyuta sotib olish uchun sarflanadi va hamtovoqlari bilan o‘zaro bo‘lib olinadi.
Uning jinoiy faoliyatining yana bir epizodi telegramda yaratilgan soxta treyding kanali orqali amalga oshirilgan. U va uning sheriklari 2024 yilning 1, 2 va 3 iyul kunlari bir fuqaroga “pullarni ko‘paytirib berish”ni va’da qilib, uning plastik kartasidan Otabek Salohiddinovning telefoniga ulangan boshqa bir shaxs nomidagi kartalarga jami 2 million 150 ming so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib olishadi. Bu mablag‘ ham xuddi oldingi kabi kriptovalyuta sotib olishga yo‘naltirilgan va o‘zaro taqsimlab olingan.
Sud materiallariga ko‘ra, Otabek Salohiddinov va uning noma’lum hamtovoqlari Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi 33 nafar fuqaroning 128 mln so‘m mablag‘ini turli usullarda o‘g‘irlab, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan. Ayrim fuqarolar 500 ming so‘mdan, boshqalari 2 million, yana kimdir 3 yoki 4 million so‘mdan ayrilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahri sudi Otabek Salohiddinovning qilmishlarini o‘rganib, unga nisbatan 7 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, ularga kiberjinoyatdan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun ularga yetkazilgan zararlarni qoplash majburiyati ham yuklatildi.
Yodda tuting! Internetda yoki messenjer orqali kelgan har qanday shubhali taklif, “oson boylik” va’dasi beruvchi kanallar yoki tanish bo‘lmagan shaxslarning mablag‘ yuborish haqidagi so‘rovlari jiddiy xavf manbaidir. Ogohlik esa — eng kuchli himoya. Shaxsiy ma’lumotlarni asrash, tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik va shubhali havolalarga kirmaslik esa har bir fuqaroni kiberjinoyat qurboni bo‘lishdan saqlaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/liVBFkdLy30" title="Farg‘onada kripto orqali pul yuvish va firibgarlik sxemasi fosh etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA