Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada joriy yilda uzum eksporti 6 million AQSH dollaridan oshdi
09:22 / 2022-08-18

Farg‘ona viloyatida mirishkor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan sara uzum eksporti davom etmoqda. Bu borada bojxona xodimlari ham tadbirkorlarga qulay bo‘lgan vaqtlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmoqda.

“Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tarkibida Oltiariq tumanida 3 ta, Quva va O‘zbekiston tumanlarida 1 tadan eksportga ko‘maklashish markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu markazlarda eksportga rasmiylashtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bojxona nazoratidan o‘tkazilib, tovarga tegishli yuk kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. 

Markazlarda nafaqat bojxona, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish va sertifikatlashtirish idoralari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Shu kunlarda Oltiariq tumanidagi eksportga ko‘maklashish markazlari tomonidan uzum mahsulotlari tashqi bozorga chiqarilmoqda. Hozirda tumandagi 20 ta eksportyor korxona kuniga o‘rtacha 500 tonna uzumni eksportga jo‘natyapti. 2022 yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan qiymati 6,4 million AQSH dollarlik 7 ming 100 tonna uzumlar eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.  

Mazkur qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 83 foizi Rossiyaga eksport qilingan bo‘lsa, qolgan qismi Belorus, Mongoliya, BAA shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilingan.  

Ma’lumot tariqasida, 2021 yilda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan qiymati 52,2 million AQSH dollarlik 65 ming 140 tonnaga yaqin uzumlar Rossiya, Ukraina, BAA, Polsha, Germaniya, Belorus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlarga eksportga rasmiylashtirilgan. Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash hamda uni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvi jarayonlari tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda. Bu borada barcha tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari kabi “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan tadbirkorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish maqsadida xizmat qilayotgan murojaatlari bo‘yicha uzluksiz bojxona nazorati tashkil etilgan. Bundan tashqari tovarlarga tegishli yo‘l yuk kuzatuv hujjatlari ham qisqa muddatlarda rasmiylashtirilishi ta’minlanmoqda. 

Shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan eksportga yo‘naltirilgan  sifati tez buziluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan yuk avtotransport vositalarini chegara bojxona postlarida tirbandliklarda qolib ketishini oldini olish maqsadida “e-navbat” tizimi faoliyat olib bormoqda. Endilikda mazkur tizim orqali eksportga yo‘naltirilgan tez buziluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan yuk avtotransport vositasi haydovchilari tomonidan o‘zlariga ma’qul chegara bojxona postlarida o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtga navbat olib shu vaqtda chegara bojxona postlaridan navbatsiz o‘tish imkonini bermoqda.     

 

M.Sulaymonov,  
O‘zA