Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada “Islom davlati” terroristik tashkiloti tarafdori qoʻlga olinib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
10:06 / 2022-01-11

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi, 2003 y.t. “U.M.” internet tarmog‘i orqali yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi natijasida, Suriyadagi “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish maqsadida 2021 yilning aprel oyida Turkiya davlatiga boradi. Lekin, u yerdan Suriya hududiga o‘ta olmagach, sentyabr oyida doimiy yashash manziliga qaytib keladi.

So‘ngra Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi yaqin aloqalaridan iborat yashirin “jamoat” tuzib, ular orasida “Islom davlati” terroristik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qila boshlaydi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs o‘zining uyali telefon apparati orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audio va video materiallarni tinglab, tomosha qilib, ularning ta’sirida “jamoat” a’zolari orasida “jihod” hamda “shahid”likka chorlovchi audiosuhbatlar olib boradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “U.M.”ning uyali telefon apparati xotirasidagi ma’lumotlar o‘zining mohiyati va mazmuni, ularda ilgari surilgan g‘oyalar jihatidan O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar sirasiga kirib, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Hozirda “U.M.” va uning aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.