Prezidentimiz aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yer 10 yilga ijaraga berilishi, kam ta’minlangan va ishsiz yurganlar bepul yer olib, undan samarali foydalanishlari haqida aytgan fikr va ko‘rsatmalari tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Endi dehqon mahsulotlariga eksportyorlar va klasterlar buyurtmachi bo‘ladi. Ular zarur bo‘lgan barcha moddiy resurslarni yetkazib beradi va mahsulotni sotib oladi.
Joriy yilning o‘zida Farg‘ona viloyatidagi 97,7 ming gektar g‘alla va 2,5 ming gektar ertangi ekinlardan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekiladi.
Bu juda katta imkoniyat. Ayni kunda Yurtboshimiz belgilab bergan ko‘rsatmalardan kelib chiqib, g‘alla va ertangi ekinlar hosilidan bo‘shaydigan maydonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish maqsadida hududlarda ishsiz aholini aniqlab, ularni dehqonchilik ko‘nikmasi, xohish-istagi va mablag‘i bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida barcha shahar va tumanlardagi sektorlar rahbarlari boshchiligida shtab va ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hosildan bo‘shagan ekin maydonlarga hududlarning dehqonchilik salohiyati, ixtisoslashuvi, suv ta’minoti, yetishtiriladigan mahsulotlarning eksportbop va bozorbopligini hisobga olib joylashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
G‘alladan bo‘shagan yerlar takroriy ekin ekish uchun ishsiz, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholiga 20 sotixdan 30 sotixgacha bepul ajratilib beriladi. Natijada 300 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.
Ular uchun jami 90 ming gektar yer maydonlari 95,4 ming nafar fermer xo‘jaliklari va klasterlarning pudrat asosida jalb qilgan ishchilari hamda “Temir”, “Yoshlar”, “Ayollar” daftarlariga kiritilgan ayollarga takroriy ekin ekish uchun beriladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 iyunda qabul qilingan "Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni esa tarixiy voqea bo‘ldi.
Aholi bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oila toifalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu ezgu tashabbus doirasida O‘zbekiston tumanida amaliy ishlar boshlandi. “Kimsanobod qaqir” fermer xo‘jaligi dala maydonida mazkur masalada amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alibek Tursunov, viloyat prokurori o‘rinbosari Farhodjon Ismoilov, tuman sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, fermerlar va qishloq xo‘jaligi xodimlari, shuningdek, dehqonchilik bilan shug‘ullanishni istovchi fuqarolar ishtirok etdi.
Seminarda davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish borasida so‘z yuritildi.

Yer oluvchi talabgorlarga imkoniyatlardan oqilona foydalanib, har bir qarich yerni e’tiborsiz qoldirmaslik, mo‘l hosil olishga harakat qilish va oilalari daromadini ko‘paytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berib o‘tildi.
Shuningdek, mazkur jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etishda har bir soha mas’ullarining tutgan o‘rni, vazifalari yana bir bor belgilab berildi.
Seminar yakunida, 4-sektor hududida “Ayollar va yoshlar daftarlari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan, rasman ishsiz hisoblangan 20 nafar fuqaroga ikkilamchi shartnoma asosida 20 sotixdan ekin yer maydoni ajratib berildi.
Xuddi shuningdek, 1-sektor hududidagi “Rivoj” fermer xo‘jaligi yer maydonidan 20 nafar, 3-sektor hududidagi “Esaxon Odilov” fermer xo‘jaligi maydonidan ham 20 nafar shu toifadagi aholi vakillariga 20 sotixdan dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun ajratib berildi.
Ehtiyojmand, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini belgilangan tartibda dehqonchilik uchun ajratib berish tadbirlari barcha tumanlarda davom etadi.
M.Sulaymonov, O‘zA