Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar mevasidir. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan. Bugunga kelib “Qo‘qon” EIZ si jami 5 ta hududdan iborat bo‘lib, 877,0 gektar maydonda joylashgan. Unga umumiy qiymati 1 mlrd. 74 mln. AQSH dollari yoki 12 trln. 542 mlrd.so‘m bo‘lgan 149 ta yirik investitsiya loyihasi joylashtirildi.
Joriy yilning 9 oyida bu yerdagi sanoat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 2 trln. 964 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, 106,9 mln. AQSH dollari miqdoridagisi eksport qilindi.

Jumladan, 2025 yil yakuniga qadar umumiy qiymati 227,7 mln.AQSH dollari yoki 2 trln. 914 mlrd. so‘m miqdoridagi 18 ta yirik sanoat loyihasi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qo‘shimcha 2430 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi.
Shu yilning 9 oyida qiymati 174,1 mln.dollar bo‘lgan 14 ta sanoat korxonasi foydalanishga topshirilgan edi. Kafel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yong xin ceramics” korxonasi ularning biridir.

37 gektar maydonda joylashgan bu korxonani O‘rta Osiyoning eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri deyishadi. Unda yuzdan ziyod turdagi rang, dizaynda sifatli qurilish material-kafellar yetkazib berilmoqda.
– Korxonamizda 600 nafar ishchi- xodim ishlaydi. Bundan tashqari, 100 dan ortiq xitoylik mutaxassislar ish olib borishyapti, – deydi ish yurituvchi Azizxon Abdusalomov. –Kuniga 6000 kvadrat metr kafel mahsuloti ishlab chiqariladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilamiz.

Zavod texnologiyasi yuz foiz Xitoydan keltirilgan bo‘lib, turdosh korxonalardagi liniyalarga nisbatan mahsulot sifati, ishlab chiqarish quvvati va turlari jihatidan u eng so‘nggi yutuqlar mujassamlangani hamda samaradoridir. Darvoqe, u xitoylik tadbirkorlarning 90 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi asosida qurilgan xorijiy korxona. Kafelga ishlov berish va pishirish konverining uzunligi 800 metr ekani u qanchalar quvvatga egaligini ko‘rsatadi.
“Yong xin ceramics” qisqa vaqt ichida dunyo kafel bozoriga kirib oldi va undan munosib joy topdi. Hozir uning mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki o‘nlab xorijiy davlatlarga yuborilmoqda. Ochiq osmon ostidagi ulkan ombor maydoni har kuni kechga borib bo‘shab qolyapti.

– Kafel mahsulotimizga talablar ko‘payib bormoqda. Har kuni 15-20 ta xorijlik hamkorimiz bilan shartnoma qilyapmiz. Shu kunlarda ehtiyojdan kelib chiqib 60x300 sm bo‘lgan kafel mahsulotlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Quvasoy shaharlarida kafel ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona ilgariroq qurilgan edi. Ammo Farg‘onada qurilishlarning ko‘payib borayotgani, eksport keskin oshib ketgani natijasida “Yong xin ceramics” yana yangi quvvatlarni yaratmoqchi. Korxona ish yurituvchisi Azizxon Abdusalomov yuqorida ta’kidlaganidek, endi bozorda haligacha uchramagan 60x300 sm o‘lchamli zarlangan kibor kafellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishmoqchi.
Farg‘ona viloyati sanoatida qurilish materiallari ishlab chiqarish yetakchi bo‘lsa, yaqin kunlarda kafel ishlab chiqarish qurilish materiallari orasida yetakchiga aylanishi kutilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eQteezY6ZDA" title="Farg`onada ishlab chiqarilgan kafellar dunyo bozorida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA