Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada ilg‘or fermerlar paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini qisqa muddatda bajardi
18:40 / 2022-09-07

Farg‘ona viloyatida erta bahorda joriy yil hosili uchun 82 ming gektardan ziyod maydonga ezgu niyatlar bilan chigit urug‘lari qadalgan edi. Ayni kunga kelib 13 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan 2 ming 427 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan dalalarda mo‘l hosil yetishtirilib, yig‘ib-terib olish ishlari boshlab yuborildi.

Jami 294 ming 360 tonnadan ziyod paxta xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan bo‘lib, hosilni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish chora-tadbirlari belgilangan. O‘tgan yili paxtachilikda viloyatimizda o‘rtacha 34 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, bu yil o‘rtacha hosildorlik 40 sentnerdan oshishi kutilmoqda. Joriy yilgi terim mavsumida qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 1-terimda 1500 so‘mdan, 2-terimda esa 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilangan bo‘lib, hududlarda yig‘im-terim ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida 1 ming 380 ta paxta terim otryadlari tuzilgan.

E’tiborlisi, mavsumda mehnatga layoqatli ishsiz aholini paxta terimiga mehnat shartnomasi asosida ixtiyoriy jalb qilish orqali qariyb 151 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanib, ular daromadini oshirish ko‘zda tutilgan. Paxta terimi boshlangan dastlabki kunlardayoq Furqat tumanidagi “Oydin barhayot”, "Uzaqov Ma’murjon zamini”, “O‘rinboy ota”, Buvayda tumanidagi “Oltin ipak yo‘li”, Bag‘dod tumanidagi “Fotima Husan barakasi”, “Mamasidiq ota yeri”, Rishton tumanidagi “Oqgul chamani” fermer xo‘jaliklari paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini birinchilardan bo‘lib bajardi.

Bu o‘rinda gektaridan 48,5 sentnerdan xirmon uyishga erishgan Furqat tumanidagi “Oydin barhayot” fermer xo‘jaligi paxtakorlarini alohida qayd etish lozim. Terimchi va hasharchilarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, madaniy hordiq chiqarishlari uchun Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “O‘zbekkonsert” viloyat bo‘limi tomonidan barcha hududlarda konsert va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Ilg‘or otryad rahbarlari, terimchi va mexanizatorlar munosib rag‘batlantirib borilmoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA