Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada ikkita zamonaviy shifoxona ish boshladi (+video)
14:45 / 2023-08-01

Prezident tashrifidan so‘ng...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-28 iyul kunlari tashrif bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi. Tashrif chog‘ida – 27 iyul kuni hududdagi o‘nta yangi majmuani ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati mintaqaviy filialida intervension kardiologiya va kardiojarrohlik bo‘limlari, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining mukammal ta’mirdan chiqarilgan 7 qavatli davolash binosi hamda yangi qurib bitkazilgan qabul-diagnostika binosi foydalanishga topshirildi.

Davlat rahbari tashrifidan so‘ng ushbu tibbiyot maskanlari faoliyati bilan tanishdik.

 Prezidentimizning davlat rahbari bo‘lib ish boshlagan ilk kunlardanoq aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etish lozim.  

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati mintaqaviy filiali intervension kardiologiya va kardiojarrohlik bo‘limlari qurilishiga mahalliy byudjetdan 24,1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 32 turdan ziyod zamonaviy tibbiy jihozlar keltirildi.  

[gallery-12980]

Muhimi, viloyat aholisi uchun 60 turdan ziyod yuqori texnologik kardiojarrohlik xizmatlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

– Kuni kecha Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati mintaqaviy filialining intervension kardiologiya va kardiojarrohlik bo‘limlarini ochib berdilar, – deydi Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. – Shifoxonamiz eng zamonaviy, tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Masalan, yurakni operatsiya qilish uchun sun’iy qon aylanish va so‘nggi modeldagi narkoz apparati bor. Angiograf apparati esa  funksiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda yagona hisoblanadi. Bu qurilma bemor uchun ham, mutaxassis uchun ham xavfsiz. Qurilmadagi UZI yordamida tomirni tozalash, qo‘l va oyoqdagi mayda qon tomirlarni ochish mumkin. Umuman olganda, qon-tomirlarni to‘liq  diagnostika qilib, tozalash imkonini beradi.  

Ta’kidlash lozim, ilgarilari  kardiojarrohlik ishlari Farg‘ona viloyatida amalga oshirilmagan. Bemorlar esa uzoq yo‘l bosib, qo‘shni viloyat yoki Toshkentga borishga majbur bo‘lgan.  Afsuski, ko‘plab bemorlar poytaxtgacha yetib borolmagan. Hozir esa shifoxonamizda yoshlardan to katta yoshdagi bemorlarda barcha turdagi kardiojarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati bor. Ushbu shifoxona nafaqat viloyatdagi balki qo‘shni viloyatlar va Qirg‘iziston fuqarolariga xizmat qilishi mumkin. Bu viloyatda tibbiyot turizmi rivojiga ham xizmat qiladi. Umuman olganda, yiliga 3000 mingtadan ortiq yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazishimiz, buning natijasida ko‘plab bemorlarning hayotini saqlab qolishimiz mumkin.

Shifoxonamizdagi zamonaviy apparatlarni ishlatish uchun yuqori malakali mutaxassislar kerak bo‘ladi. Buning uchun xorijdan malakali mutaxassislarni taklif qildik.  

Filial direktori Kamoliddin Rahmonov tajribali mutaxassislardan. U Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak qon-tomir kasalliklari jarrohlik markazida o‘n sakkiz yil davomida faoliyat ko‘rsatib, 7000 mingtadan ortiq jarrohlik amaliyotlarida qatnashgan.

– Doktorlik ishimni yakunlab, O‘zbekistonga qaytib keldim. Bu yerdagi sharoitni, tibbiyotga e’tiborni, Prezidentimiz yuritayotgan islohotlarini ko‘rib, yana bir yurtdoshimizni o‘zim bilan olib kelganman, – deydi Kamoliddin Rahmonov. – U ham Bakulev nomidagi yurak qon-tomir kasalliklari jarrohlik markazida 22 yil davomida ishlagan tajribali mutaxassis. Shuni mamnuniyat bilan ayta olamanki, shifoxonamizda yurak qon-tomir bo‘yicha barcha turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.

32 milliard so‘m sarflanib amalga oshirilgan qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida bir kecha-kunduzda bemor qabul quvvati 150 tadan 355 taga yetkazildi.

– Filialimizga 3,6 million dollarlik 56 turdagi 162 ta tibbiy jihozlar olib kelindi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali direktori Sherali Yo‘ldoshev. – Yangi qurib bitkazilgan, bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha taqsimlaydigan tun-u kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limida aholiga zamonaviy shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida og‘ir bemorlar uchun alohida qizil yo‘lak, shoshilinch yordamga muhtoj bemorlar uchun sariq yo‘lak va ambulator yordam ko‘rsatish uchun yashil yo‘laklar tashkil etildi. Bemorlarga davolash diagnostika standartlari bo‘yicha shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun alohida shok zali, kichik operatsiya xonasi, muolaja xonasi, bolalarga yordam ko‘rsatish xonasi, travmatolog, neyroxirurg, xirurg, LOR, terapevt, laboratoriya va boshqa tor doiradagi mutaxassislar uchun alohida xonalar, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va to‘g‘ri davolash ishlari olib borish uchun alohida funksional diagnostika bo‘limi tashkil etildi.  

Eng asosiysi, mazkur muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlanishi natijasida 60 turdagi yuqori texnologik laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik amaliyotlari, davolash usullari tatbiq qilinib, yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dxnsVCjUKJg" title="АФСУСКИ, КЎПЛАБ БЕМОРЛАР ПОЙТАХТГАЧА ЕТИБ БОРОЛМАГАН" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Ziyodulla JONIBEKOV, Muqimjon QODIROV (Suratlar).

O‘zA