Farg‘ona viloyatining Shohimardon qishlog‘ida 2,2 MVt quvvatga ega «Shohimardon» mikro gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi.
«O‘zbekgidroenergo» AJ va Yevropa Ittifoqi hamkorligida bunyod etilgan ushbu mikro GES Shohimardon qishlog‘i aholisini ekologik toza elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlash va qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish imkonini beradi.

«Ko‘ksuv» daryosi bo‘yida barpo etilgan «Shohimardon» mikro GESda 2 ta gidroagregat o‘rnatilgan bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 13 million kilovatt soatni tashkil etadi. Uning faoliyati natijasida 5 400 ta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Yiliga o‘rtacha 3,5 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, Mikro GES gidroagregatlari Avstriyaning «GLOBAL Hydro Energy GmbH» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Loyihaning umumiy qiymati 4,2 million dollarga teng bo‘lib, shundan 3,4 million dollari Yevropa Ittifoqining grant mablag‘laridir. 0,8 million dollari esa «O‘zbekgidroenergo» AJning o‘z mablag‘i hisobidan shakllantirilgan.

Loyiha ishga tushirilgach, 8 ta ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, 430 kVt quvvatga ega «Vodil» mikro GES foydalanishga topshirildi.
Stansiyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2,17 million kilovatt soatni tashkil etadi. Buning natijasida «Yuqori Vodil» MFYda yashovchi aholi ekologik toza elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlanadi.

Shu bilan birga, ushbu mikro GES ishga tushirilishi tufayli yiliga o‘rtacha 615 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. Loyiha sababli 6 ta yangi ish o‘rni vujudga keldi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur mikro GES «O‘zbekgidroenergo» AJning o‘z mablag‘i hisobiga qurildi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA