Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada har bir oila parranda boqadi
12:52 / 2022-03-09

Parranda – yetti xazinaning biri.

Xonadonning bir burchagida tovuq boqishni yo‘lga qo‘yib, oila byudjetiga yaxshigina daromad keltirish mumkin. Farg‘ona viloyatida bu borada o‘ziga xos tajriba bor.

Ayni kunlarda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va o‘z-o‘zini band qilish istagidagi aholiga ixcham inkubatorlar, tovuqlar tarqatilmoqda. Afzallik tomoni shundaki, ehtiyojmand oilalarga subsidiya va imtiyozli kreditlar asosida yetkazib berilmoqda. Yangi ish boshlagan mahalladagi hokim yordamchilari uyma-uy yurish orqali har bir xonadonning ehtiyojlari, takliflarini o‘rganib, daromad topishiga ko‘maklashmoqda. Parrandalarning hozirgi kunda aholi xonadonlarida tuxum yo‘nalishidagi zamonaviy yuqori mahsuldor krosslaridan Lomann (Germaniya), Xayseks, Bovans, Dekalb (Gollandiya), Xaylayn (AQSH) va Rodonit-3 zotlarini boqish yaxshi samara beradi. Hozirda bozorlardagi tuxumlarning 70 foizi lomanni zotlari ulushiga to‘g‘ri keladi, ulardan uy sharoitida bir yilda 270 donagacha tuxum olish mumkin.

Ixcham inkubatorlar berilmoqda

Bilamizki, parranda boqish katta xarajat talab qilmaydi, saqlash inshootlari juda oddiy. Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy yetakchi davlatlarda ham parrandachilikka katta e’tibor qaratiladi. Chunki aynan parrandachilik aholini go‘sht, umuman, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda asosiy ahamiyat kasb etadi. Aholining ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Ayniqsa, bizning sharoitimizda har bir xonadonda buni tashkil qilish imkoni bor. Parrandachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarga inkubatorlarning yetkazib berilayotgani bunda qo‘l kelmoqda.

bugungi kunda viloyatda har xil sig‘imdagi inkubator uskunalari ishlab chiqaruvchi ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Inkubatorlarning o‘rtacha narxi 4-5 million so‘m. Aholiga imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga turli xil sig‘imdagi (100 talik – 27 ta, 200 talik – 19 ta, 300 talik – 3 ta, 500 talik – 20 ta, 1000 talik – 15 ta) inkubator o‘rnatib berilyapti.

Yangidan ish boshlayotgan ushbu fuqarolarga soha mutaxassislari ham biriktirilgan bo‘lib, ular mazkur yo‘nalishda inkubator egalariga doimiy maslahat berib boradi.

[gallery-6063]

Kooperatsiya asosida tovuq boqiladi

Toshloq tumani “Xamrak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G‘ayratjon Akramov o‘z uyida parrandachilikni yo‘lga qo‘yganiga o‘n yil bo‘ldi. Yoniga aka-ukalarini ham olgan. U turli tovuq zotlarini parvarish qilib, tuxum yetishtirishda yaxshi tajriba orttirdi.

– Hozirda 1100 bosh tovug‘imiz bor, – deydi u. – O‘zimizning Toshloq bozori, atrof qishloqlardagi do‘konlarni tuxum bilan ta’minlayapmiz. Tovuqlarning 80-90 foizi tuxum beradi. Bu bir sutkaga 800-900 dona tuxum degani. Kuniga 600 ming so‘mgacha tuxum sotamiz. Tovuqlar bir kunda 400 ming so‘mlik, 7 xil yem yeydi. Bitta tovuq bir kunda 180 gramm, mingta tovuq 180 kilogramm yem yeydi. O‘tgan davrda 3-4 zotli parrandalarni boqib ko‘rdik. Kuni kecha Germaniyadan lomann sendi zotli tovuqlarni olib kelib, parvarishlashni boshladim.

Endilikda kooperatsiya asosida mahalladagi xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladigan bo‘ldi. Mahalla yordamchisi Nodirbek Jo‘raboyev bu xonadonda bo‘lib, G‘ayratjon akaga tarmoqni kengaytirish bo‘yicha taklif bergan edi.

Ayni kunlarda 1 milliardlik loyiha asosida parrandachilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Mahalladagi ko‘plab oilalar ham o‘z xonadonlarida tovuq boqish, tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Kooperatsiya esa ularga jo‘jalarni yetkazib beradi, daromad olishiga ko‘maklashadi. 50 ta oilaga 100 boshdan jo‘ja tarqatish rejalashtirilgan. Demak, bitta mahallaning o‘zida yana 50 ta ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlar ham qiziqmoqda

O‘zbekiston tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish yuzasidan belgilangan muayyan tadbirlar davom ettirilmoqda. 31 nafar yoshga o‘z istak va hunar ko‘nikmalariga asosan zamonaviy mini inkubatorlar subsidiya asosida topshirildi.

Yoshlarga ushbu jihozlarni topshirish jarayonida undan foydalanish tartib va usullari haqida dastlabki tushuntirishlar berilib, kelgusida ham ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida mutaxassislarning maslahatlari berib borilishi ta’kidlandi.

– Hozir uyda 15 ta tovuq boqamiz, – deydi “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 23 yoshli Otabek Abduqahhorov. – Parrandalarni parvarishlash, jo‘ja ochtirib, ularni ko‘paytirishga qiziqaman. Endilikda, bunday qulay imkoniyat orqali ishim yanada yurishadi. Chunki inkubator usulida ma’lum davrda, xohlagancha jo‘ja olish imkoni bor

“Ziyo Nursux” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Jahongirmirzo Odilov ham parrandachilikka qiziqadi. Subsidiya asosida kichik inkubatorning berilgani unga ma’qul bo‘ldi.  Olib kelingan inkubator uskunasi mingta tuxumga moslashtirilgan. Hisob-kitoblarim bo‘yicha 21 kunda mingta tuxumni inkubatorga joylashtirib, 85-90 foiz tuxumdan jo‘ja olishim mumkin. Buni pulga chaqadigan bo‘lsam, olingan tuxumlarning teng yarmidan ko‘proq sof foyda olishim mumkin.

Muxtasar aytganda, parrandachilik har bir oilaning farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi, bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlovchi tarmoq hisoblanadi. Viloyatda boshlangan bu boradagi tashabbus yuzlab oilalarga baraka olib kirayotgani bilan ahamiyatlidir.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA