Oramizda shunday odamlar borki, hayot atalmish ne’matni qadriga yetmasdan noto‘g‘ri yo‘lni tanlaydi. Umrini boy berganini anglaganida esa kech bo‘ladi. Ayniqsa, giyohvand moddalarning iste’moliga ruju qo‘yganlar taqdiri juda achinarlidir.
Farg‘ona shahrilik Xudoberdi Mirahmedov ham shulardan biridir. Uch nafar farzandning otasi bo‘lgan bu shaxs foydali ish o‘rniga hayotini kayfu safo bilan o‘tkazish payida bo‘ldi. Giyohvand moddani iste’mol qilishga, uning savdosi bilan shug‘ullanishga odatlandi. Muqaddam buning uchun sudlanib, olti yil umrini qamoqda o‘tkazdi. Ammo u bundan xulosa qilmadi, yana eski odatini boshladi.
2022 yilning 12 oktyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida X.Mirahmedovni o‘zini tutishi shubha uyg‘otdi. Egnida bo‘lgan kiyimi ko‘zdan kechirilganda uning cho‘ntagida 5 dona “Tramadol Lannaxer 50 mg” dori vositalarini saqlab kelganligi aniqlanib, undan ushbu vositalar daliliy ashyo tariqasida olingan.
Shuningdek, ushbu kuni tadbir ishtirokchilari tomonidan uning Farg‘ona shahridagi vaqtincha yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar borligi fosh bo‘ldi. O‘tkazish maqsadida 650 dona “Tramadol Lannaxer 50 mg” dori vositalari, 119 dona “Tropikomid”, 224 dona “Lirika” va 126 dona “Regopen” nomli dori vositalarini saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu vositalar daliliy ashyo tariqasida olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, Xudoberdi Mirahmedovga sakkiz yil ozodlik mahrum qilish jazosi tayinlandi.
M.Sulaymonov, O‘zA