French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada g‘alla o‘rimi mavsumi boshlandi
11:25 / 2025-06-02

G‘alla – 2025

Joriy yilda Farg‘ona viloyatida 94 ming 300 gektar maydonda g‘allaning “Asr”, “Davr”, “Vexa”, “Antonino”, “Aleksevich” va “Bezostaya-100” kabi serhosil, ertapishar navlari parvarish qilindi. Ayni kunlarda o‘rim-yig‘im  mavsumiga kirishilmoqda.

Yozyovon tumanida g‘alla hosilini sifatli va uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminarda bu boradagi muhim vazifalar belgilab olindi. Unda  tuman hokimlari, ularning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, g‘allachilik don qabul qilish korxonalari boshliqlari, sohaga daxldor viloyat tashkilot va boshqarmalar, otryadlar rahbarlari, jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.

[gallery-23709]

Dastlab seminar ishtirokchilari Markaziy Farg‘ona hududidagi "Bahromjon" fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu xo‘jalikda jami 344 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 182 gektarida g‘alla, 162 gektarida esa paxta ekilgan. Fermer xo‘jaligida 25 ta yuqori unumli g‘alla o‘rim kombaynlari va haydov texnikalari bor. G‘allaning ertapishar navlari ekilgan bo‘lib, ayni paytda o‘rim ishlariga kirishilmoqda.

Shu yerda g‘alla hosiliga baraka tilab, duolar qilindi. Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi.

Fermer xo‘jaligida 10 gektar maydonda 50 xil kuzgi boshoqli don va moyli ekinlar sinov-tajriba tariqasida yetishtirilmoqda. Seminar ishtirokchilariga ushbu tajriba maydoni hamda navlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbir davomida Xitoy texnologiyasi asosida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan, hosildorlikni 100 sentnerga yetkazishni maqsad qilgan "Mezon" fermer xo‘jaligi tajribasi ham ko‘zdan kechirildi.

– Ilg‘or fermerlar tajribasini o‘rganish, ular dalasiga havas qilish kerak. Tartib, intizom va ilm bilan yangilikka intilib faoliyatni amalga oshirish zarur. Shundagina yaxshi ko‘rsatkichlarga erishiladi. “Mezon” tajribasini barcha hududlarda ommalashtirish kerak, – dedi viloyat hokimi.

Ko‘rgazmali seminarda g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, bo‘shagan yer maydonlarida takroriy ekinlar ekish, bu orqali aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyatda o‘rim-yig‘im ishlarini sifatli amalga oshirish uchun 340 ta otryad tashkil etilgan. Ushbu otryadlar tarkibiga 340 ta kombayn, 1 ming 700 ta don tashish texnikalari, 340 ta maxsus jihozlangan pritseplar, 340 ta chizel, 98 ta yoqilg‘i tashish agregatlari va 46 ta o‘t o‘chirish mashinalari biriktirildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov joriy yilgi g‘alla mavsumini sifatli amalga oshirish, qisqa fursatlar ichida o‘rib, yig‘ishtirib olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilariga sharoitlar yaratish, ishlarni tizimli tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Tadbirda mas’ullarning mavsumga tayyorgarligi bo‘yicha axborotlari eshitildi. Otryadlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish choralari, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Oldinda turgan vazifalar kelishib olindi.

M.Sulaymonov, 

M.Qodirov(surat),O‘zA