Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi
09:31 / 2022-05-30

"Qo‘qon don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Rapqon urug‘chilik sexida bu yil Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat, tumanlar sektorlari rahbarlari, otryadlar boshliqlari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassislari dastlab Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Farg‘ona ilmiy-tajriba stansiyasi g‘alla maydonlarida bo‘lishdi. 

Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi. So‘ng shu joydagi 2 sotix maydonda tajriba tariqasida ekilib, parvarishlangan 33 turdagi bug‘doy navlari bilan tanishildi. Ushbu navlar hosildorligiga qarab ommalashtirilishi aytib o‘tildi. Rapqon urug‘chilik sexida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ishtirok etgan viloyat hokimi dehqonlarning 9 oylik samarali mehnatlari natijasida viloyatda mo‘l g‘alla hosili yetishtirilgani, oldinda muhim va mas’uliyatli jarayon – g‘alla hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish vazifasi turganini qayd etdi. 
G‘alla xalqimiz hayotida muhim o‘ringa ega ekanligi ta’kidlandi. Hosilni maslahatli, tartib-intizom bilan, tizimli ish tashkil etib yig‘ishtirib olish zarurligiga e’tibor qaratildi. 

–Uzoq kutilgan islohotlar davri keldi, – dedi viloyat hokimi. – Bugun g‘allada erkin bahoga, bozor bahosiga o‘tildi.  Har yili yetishtirilgan bug‘doyni 9 oy mehnat qilib fermer bozordan 30-40 foiz arzon narxda davlatga topshirar edi. Bu yildan bozorga qarab pul to‘lashni muvofiqlashtirish belgilab qo‘yildi. Bu fermer uchun manfaat. Davlat ham fermerdan bozor narxida sotib oladi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, klasterlarning tashkil qilinishi paxtada yaxshi natija bergan bo‘lsa, bugun mana g‘allada ham bu yil birinchi samarasini, daromadini beradi. Bugun, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy daromad oladigan davr keldi. Har bir fermer bu yilgi natijalardan xursand bo‘ladi. Mehnat qilgandan keyin daromad olish kerak. Omborda, xonadonda don bo‘lsa, ko‘ngil ham to‘q, xotirjamlik bo‘ladi. 

Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari Alibek Tursunov qilingan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Bu yil viloyat bo‘yicha 99,5 ming gektar maydonda o‘rtacha 80 sentnerdan, 796 ming tonna boshoqli don hosilini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. G‘alla yetishtirishni klaster usulida tashkil etish o‘zining yuqori samarasini berdi.

Natijada klasterlar va g‘allakorlar hosildorlikni o‘rtacha 10-15 sentnerga oshirishni ta’minladi. G‘allakorlarga urug‘lik, yoqilg‘i va o‘g‘it o‘z vaqtida, yetarli miqdorda yetkazib berildi. Bu yil g‘alla hosilini yetishtirish uchun jamg‘arma hamda g‘allachilik klasterlari tomonidan 505 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Mavsumda ham o‘rim-yig‘im ishtirokchilarining moddiy manfaatdorliklari alohida e’tiborga olinib, otryad boshliqlari, mexanizator va haydovchilarga pul mablag‘lari berildi. Kombaynchilar, haydovchilar va o‘rim-yig‘imning boshqa ishtirokchilarining unumli va barakali ishlashlari uchun dala boshida qulay sharoitlar yaratib beriladi. 

Hududlarda o‘rimni tizimli tashkil etish maqsadida 335 ta o‘rim otryadlari shakllantirildi. Ularga 335 ta yuqori unumli don o‘rim kombaynlari, 1639 ta don tashish texnikalari, 165 ta ko‘chma ustaxonalar va 106 ta yoqilg‘i tashish texnikalari biriktirildi. 

Seminarda ta’kidlanganidek, kombaynlarning har bir ish soati, harakati nazoratda bo‘ladi. Ularning ish samaradorligi tahlil qilib boriladi. Natijalarga qarab kombaynchi va haydovchilar, otryad boshqa a’zolari rag‘batlantiriladi. Eng asosiysi, urug‘lik sifatiga alohida ahamiyat qaratiladi.

M.Sulaymonov, O‘zA