English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada e’tiqoddan adashgan shaxs yana 9 yilga qamaldi
12:52 / 2020-12-22

Islom dini azal-azaldan barchamizni ezgulikka, totuv hayot kechirishga, hatto, biron jonzotga ham ozor bermaslikka chorlagan.

E’tiqodi buzuq ba’zi toifadagi kishilar esa dinimizning insoniylikka yo‘g‘rilgan qarashlariga raxna solib, ko‘plarning imoniga ziyon yetkazyapti. Diniy-ekstremistik oqimlarning a’zosi bo‘lib, g‘arazli kimsalarning aldoviga uchmoqda.

–Adashganlarni kechirish, ularga imkon berish xalqimizga xos fazilat,  –deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi sudyasi Tojiddin Vahobov. – O‘tgan davrda turli diniy-ekstremistik oqimlarga bilib-bilmay kirib qolgan ko‘plab yurtdoshlarimiz avf etildi, ro‘yxatdan chiqarildi. Ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun har tomonlama ko‘mak berilmoqda. Oltiariq tumanilik Qobiljon Qodirov yot oqimlarga qo‘shilib qolgani uchun muqaddam ikki marta sudlangan. Ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni ham o‘tagan. Yigirma yilga yaqin qamoqda o‘tirsada, qilmishlaridan xulosa chiqarmadi.

Buzuq e’tiqod qilib dunyo-yu oxirat yaxshiliklaridan o‘zini mosuvo qilish peshonasida bor ekan. Qirq yoshni qarshilagan Qobil xavfli retsidivist bo‘lgan holda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlab, uning o‘rniga islomdagi fundamentalizm mafkurasi va ahkomlariga asoslangan xalifalik shaklidagi islomiy davlatni qurishni maqsad qilgan “Hizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lgan. U tashkilot g‘oyalariga ochiqdan-ochiq da’vat qilish bilan shug‘ullanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali audio va diniy materiallarni tarqatib kelgan.  

Yashash xonadoniga 2020 yil fevral oyida unga dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxs kelib, “Hizbut-tahrir” tashkilotining a’zolari aloqaga chiqishini ma’lum qilgan hamda bir dona “Samsung-J-1” rusumli uyali aloqa vositasini qoldirib ketadi. Telefonga o‘rnatilgan “Telegram” messenjeriga “Akmaliddin” ismli shaxs aloqaga chiqib, tashkilot faoliyatini tiklash bo‘yicha suhbatlar olib borgan. Mamlakatimizda taqiqlangan “Islom nizomi” nomli elektron kitobi va “Al-va’y” jurnalini yuborgan va dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan “A’zam” ismli shaxsdan  hizb g‘oyalari bo‘yicha ta’lim olgan.  

Bundan tashqari, Q.Qodirov “hizb-ut-tahrir”  yetakchilaridan bo‘lgan Ukraina davlatida yashovchi shaxsning telegram kanaliga a’zo bo‘lib, ma’ruzasini tinglaydi, o‘z fikrini yozib qoldirgan. Shuningdek, u mazkur kanaldan yuborilgan  “hizbut-tahrir” g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi ko‘plab audio va video formatdagi diniy materiallarni olgan.  

U tarafdorlarini kengaytirishni rejalashtirib, tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida o‘zining atrofidagi shaxslar orasidan dinga moyilligi bo‘lgan hamda “Hizbut-tahrir” ga a’zo bo‘lgan shaxslarni qidira boshlagan. 2020 yil yanvar oyidan boshlab, muqaddam  “Hizbut-tahrir” faoliyatida ishtirok etganligi uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tab chiqqan Qo‘qon shahrida yashovchi L.Q. bilan telefon orqali muloqot qilib, u bilan yaqin aloqa o‘rnatib kelgan. Unga materiallar va elektron kitoblarni “telegram” messenjeri orqali yuborib, Farg‘ona viloyatida “Hizbut-tahrir” tashkiloti faoliyatini tiklashni taklif qilgan. L.Q esa muqaddam ushbu harakatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tab chiqqanligi sababli ushbu harakati oqibatini ongli ravishda tushunib, uning ushbu taklifini rad etib, u jo‘natgan diniy materiallarni telefoni xotirasidan o‘chirib tashlagan, lekin telefon xotirasida avtomatik tarzda saqlanib qolgan. Bundan tashqari, Qobil qo‘shnisi A.Sh.ga ham diniy ma’ruzalarini yuborib, ularni tarqatgan.  

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan Qobil Qodirovga nisbatan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topildi.

M. Sulaymonov,  O‘zA