Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada eng obod mahalla, ko‘cha va xonadon ma’lum bo‘ldi
17:21 / 2025-11-28

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan e’lon qilingan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Tanlovning dastlabki saralash bosqichi viloyatdagi 1015 ta mahallani qamrab olgan bo‘lib, mezonlarga ko‘ra eng namunali ishtirokchilar aniqlangan edi. Shahar va tuman bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan fuqarolar viloyat bosqichida o‘zaro bellashdi. Yakuniy bosqich Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sh.Polvonov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ziyavitdinov hamda “mahalla yettiligi” rahbarlari ishtirok etdi. 

“Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” nominatsiyalari bo‘yicha ishtirokchilar o‘z hududlarida amalga oshirgan obodonlashtirish ishlarini aks ettiruvchi fotoalbom va videoroliklarni taqdim etdi. “Obod mahalla” nominatsiyasida esa mahalla raislari taqdimot va savol-javob jarayoni orqali o‘z faoliyati, tajribalari hamda amaliy tashabbuslarini namoyish qildi.

Tanlov mahallalarda obodonlikni oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish, jinoyatchilikning oldini olish, oilaviy totuvlikni mustahkamlash, shuningdek, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

[gallery-26468]

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Oltiariq tumanidagi Azimobod mahallasi “Eng obod mahalla”, deb topildi. Farg‘ona tumani “Boy mahalla” MFYdagi Ilyosbek Nomonovlar xonadoni “Obod xonadon” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Quva tumanidagi “Qorashoh” MFYning Sarboz ko‘chasi “Eng namunali ko‘cha”, sifatida e’tirof etildi. 

Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar hamda faol ishtirokchilar O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyati boshqarmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Har uch nominatsiya bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA